Imtiyozli kredit olmay, o‘zi paxta yetishtirgan fermerlarga subsidiya beriladi
Imtiyozli kredit olmay, o‘zi paxta yetishtirgan fermerlarga birjada sotgan paxtasini 10 foizi miqdorida subsidiya beriladi.
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident raisligida investitsiyalarni keng jalb etish va eksportni oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
12 ta texnopark xorijiy korxonalar boshqaruviga berildi
2025-yili yangi yondashuv asosida 12 ta texnopark xorijiy korxonalar boshqaruviga berildi. Ushbu hududlarda 2,5 milliard dollarlik 27 ta loyiha joylashtirildi. Bunday texnoparklar Turkiya kompaniyalari bilan Zangiotada, Tatariston bilan Karmanada, Xitoy bilan Andijon, Karmana tumanlari, Olmaliq, Chirchiq, Zarafshon, Qo‘qon va Toshkent shahrida tashkil qilinmoqda. Mutasaddilarga xorijiy investorlarni topib, mavjud iqtisodiy zonalarning bo‘sh hududlarida texnopark tashkil qilish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
Eksport 30 milliard dollardan oshirish zarur
Tashqi bozordagi kuchli raqobat, logistikadagi qiyinchiliklarga qaramasdan, bu yil eksportni 30 milliard dollardan oshirish zarurligi qayd etildi. O‘zimizda xom ashyosi bo‘lgan to‘qimachilik, elektrotexnika kabi “drayver” tarmoqlarda bor imkoniyat to‘liq ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Kreativ yondashuvlardan foydalanib, bu tarmoqlar eksportini 2-3 karra oshirish imkoniyati borligi ta’kidlandi.
Eksportga ishlayotgan korxonalar qo‘llab-quvvatlanadi
Shu bois, bu ikkita drayver tarmoqni rivojlantirish, eksportga ishlayotgan korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash katta qaror loyihasi tayyorlandi. Xususan, eksportchilarni aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun alohida Faktoring tashkiloti ochilib, unga 100 million dollar ajratiladi. Korxonalarning xalqaro sertifikat talablariga moslashish xarajatlarining 20 ming dollargacha qismi qoplab beriladi.
Tadqiqot markazlari uchun olib kelinadigan laboratoriya jihozlari bojxona bojlaridan ozod qilinadi
Rivojlanish va tadqiqot markazlari uchun olib kelinadigan laboratoriya jihozlari bojxona bojlaridan ozod qilinadi. Xalqaro marketpleyslar orqali mahalliy mahsulotlarni ilgari surish uchun 2 million dollar yo‘naltiriladi.
Mutasaddilarga har bir tarmoqning tashqi bozorlardagi imkoniyatini tahlil qilib, uch yillik eksport strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.
Paxta talabi va narx taklifini birjaga qo‘yadi
Paxta yetishtirish va qayta ishlashda qo‘shimcha bozor mexanizmlari joriy qilinishi belgilandi. Joriy yildan boshlab klasterlar paxtaga talabi va narx taklifini birjaga qo‘yadi, fermerlar esa o‘ziga ma’qulini tanlab, fyuchers shartnomasini tuzadi.
Ayrim fermerlar uchun subsidiya beriladi
Imtiyozli kredit olmay, o‘zi paxta yetishtirgan fermerlarga birjada sotgan paxtasini 10 foizi miqdorida subsidiya beriladi. Imtiyozli kreditni yil yakunigacha to‘liq qaytargan fermerlarga kreditning 4 foizi qaytarib beriladi. Ularga kredit foizi amalda 10 foizdan 6 foizga tushadi.



