Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Malayziyaga parvoz qilgan samolyotida o‘g‘rilik sodir etildi
Yo‘lovchilarning buyumlarini o‘g‘irlamoqchi bo‘lganlar ushlanib, Malayziya politsiyasiga topshirilgan.
1 daqiqa o‘qiladi

Parvozdagi o‘g‘rilik
Uzbekistan Airways aviakompaniyasining 2024 yil 15 avgust kuni Toshkent – Kuala-Lumpur (Malayziya) yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirgan qatnovida (HY553) yo‘lovchilarning qimmatbaho buyumlarini o‘g‘irlashga urinish sodir bo‘ldi. Bu haqda aviakompaniya xabar berdi.
Qayd qilinishicha, samolyot Kuala-Lumpurga yetib borgach, havo kemasi ekipaji tomonidan [yo‘lovchilarning buyumlari yo‘qolgani yuzasidan] politsiya chaqirilgan. So‘ngra politsiya havo kemasini ko‘zdan kechirgan. Shunda [yo‘qolgan] buyumlar topilgan. [O‘g‘rilikda] gumon qilingan chet el fuqarolari ushlangan va vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Malayziya poytaxti politsiya xizmatiga olib ketilgan.
Aviakompaniya qo‘l yuki uchun javobgar emas
Aviakompaniya yo‘lovchilarning qo‘l yuki uchun javobgar emasligini, qimmatbaho buyumlar va pul mablag‘lari har doim yo‘lovchining o‘zida turishi kerakligini eslatmoqda. Bundan tashqari, jomadonlarni qat’iy ravishda o‘rindiq tepasida joylashtirish tavsiya etiladi.
Avvalroq, rossiyaliklar Uzbekistan Airways reyslarida o‘g‘rilar paydo bo‘lgani haqida shikoyat qilgan edi. Ularning ta’kidlashicha, tungi reyslarda xitoyliklar boshqa yo‘lovchilarning pullari va qimmatbaho buyumlarini o‘g‘irlangan.



