$
 11765.76
-17.71
 13638.87
-49.99
 139.71
0.01
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonlik ayol Yaponiyada siyosiy partiya raisi bo‘ldi

Orzugul

O‘zbekistonda tug‘ilgan Orzugul Boboxodjayeva va Janubiy Koreyada tug‘ilgan Chon Je Uk Yaponiyada “Sinseyto” nomli yangi siyosiy partiyaga asos soldi. Bu haqda Yonhap agentligi xabar berdi.

Boboxodjayeva partiya raisi, Chon Je Uk esa hamrais etib tayinlangan. Ularning ta’kidlashicha, “Sinseyto” Yaponiya fuqaroligini olgan shaxslar tomonidan tashkil etilgan ilk siyosiy partiya bo‘lishi mumkin.

Yangi siyosiy birlashma faoliyatini xorijliklar ko‘p istiqomat qiladigan Tokio shahrining Sinjuku tumanida yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Partiya rahbarlari haqida

Chon Je Uk 1985-yilda Yaponiyaga xorijlik talaba sifatida kelgan. Keyinchalik Yaponiya fuqaroligini olgan u Sin-Okubo hududidagi koreyslar mahallasida faoliyat yuritadigan Sinjuku koreys tadbirkorlari assotsiatsiyasiga rahbarlik qilgan.

Orzugul Boboxodjayeva ham keyinchalik Yaponiya fuqaroligini qabul qilgan. U 2023-yilda Tokio shahrining Setagaya tumanidan deputat etib saylangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda tug‘ilgan siyosatchi saylovda Yaponiya Konstitutsiyaviy-demokratik partiyasidan nomzod sifatida qatnashgan. U saylovning yakuniy bosqichida 6,7 mingdan ortiq ovoz to‘plagan.

Partiya asoschilari “Sinseyto”ning tashkil etilishini Yaponiyada fuqarolikka qabul qilingan shaxslar tomonidan siyosiy partiya tuzilishining ilk holati sifatida baholamoqda.

Ko‘pmadaniyatli jamiyatni rivojlantirish asosiy vazifalardan biri bo‘ladi

“Sinseyto” o‘z faoliyatida ko‘pmadaniyatli jamiyatni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratmoqchi. Biroq Orzugul Boboxodjayeva partiya ma’lum bir millat yoki kelib chiqishga mansub insonlar manfaatlarini himoya qilish uchun tuzilmaganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi siyosiy kuchning maqsadi Yaponiyada xorijliklar sonini ko‘paytirishdan iborat emas.

Partiya dasturida, shuningdek, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, madaniy merosni asrab-avaylash va xalqaro miqyosda faoliyat yurita oladigan mutaxassislarni tayyorlash kabi yo‘nalishlar ham belgilangan.

Теги :
Jamiyat