2024-yilning eng mashhur parollari
NordPass sahifasi tomonidan 2024-yilda foydalanilgan 200 ta eng keng tarqalgan parollar reytingi e’lon qilindi.
2 daqiqa o‘qiladi

NordPass sahifasi tomonidan 2024-yilda foydalanilgan 200 ta eng keng tarqalgan parollar reytingi e’lon qilindi.
Top—10
Reytingga ko‘ra, bir yil avvalgidek "123456" paroli joriy yilda eng ko‘p qo‘llangan. Top 10 likka "123456789", "12345678", "parol", "qwerty123", "qwerty1", "111111", "12345", "secret" va "123123" ham kirga. Mutaxassislarning fikricha, ushbu parollardan birini buzish bir soniyadan kamroq vaqtni oladi. Ro‘yxatni tuzish uchun ekspertlar ochiq manbalardan olingan 2,5 TB ma’lumotlarni, shu jumladan darknetda mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni o‘rganishgan.
Parollash tarixi
Odamlar shaxsiy ma’lumotlarini, mulklarini himoya qilish uchun parollardan foydalanishadi. Parollar shaxsiy ma’lumotlar, elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar, bank hisoblari kabi muhim ma’lumotlarni begona shaxslardan himoya qilish uchun qulay hisoblanadi. Parollar tarixi qadimgi davrlarga borib taqaladi, chunki odamlar turli xil ma’lumotlar va mol-mulkni himoya qilish uchun har doim qandaydir maxfiy alomatlardan yoki shifrlardan foydalanib kelganlar.
Eshiklarni ochish vositasi
Parollash tarixi bilan qiziqadigan bo‘lsak, qadimgi janglarda himoyalangan hududlarga yoki harbiy postlarga kirish uchun maxfiy kod so‘zlar qo‘llanilgan. Masalan, Rim armiyasida har bir kun uchun maxsus kod so‘z belgilangan. Qadimgi hikoyalarda ham maxfiy so‘zlar yoki ramzlar ba’zi eshiklarni ochish yoki sirlarga yetishish uchun qo‘llanilgan.
O‘rta asrlardagi parollarning vazifasi
O‘rta asrlarda turli xil shifrlardan (masalan, Sezar shifri) ma’lumotlarni maxfiylashtirish va himoya qilish uchun foydalanilgan. Hujjatlar yoki maktublar maxfiy bo‘lishi uchun kalit yoki shifrlash qoidalari belgilangan. Maxfiy tashkilotlar, masalan, masonlar, a’zolarini tanish uchun parollar yoki maxsus alomatlardan foydalanganlar.
Zamonaviy parollarning paydo bo‘lishi
Zamonaviy parollar birinchi bor 1960-yillarda MIT (Massachusets texnologiya instituti) tomonidan ishlab chiqilgan Compatible Time-Sharing System (CTSS) tizimida qo‘llanilgan. Bu tizimda foydalanuvchilar o‘z profillari va ma’lumotlarini himoya qilish uchun parol qo‘yishgan. 1970-yillarda shifrlash texnologiyalari (masalan, DES va RSA algoritmlari) orqali parollar yanada murakkab va ishonchli bo‘lib qoldi.
Internet davri
Internet ommalashgani bilan foydalanuvchilar shaxsiy ma’lumotlari, elektron pochtalari, ijtimoiy tarmoqlari va moliyaviy hisoblarini himoya qilish uchun parollardan foydalana boshlashdi. XXI asrga kelib, parollarni boshqarish uchun maxsus dasturlar va qo‘shimcha xavfsizlik tizimlari, masalan, ikki bosqichli autentifikatsiya va biometrik parollar (barmoq izi yoki yuzni tanish) keng tarqaldi.



