Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☁ +22° kechasi +9°

“Ozodlik” 100 million so‘m tovon puli to‘laydi

Sud “Ozodlik”ka 100 mln so‘m to‘lash va “gaz chayqovchisi” haqidagi surishtiruv bo‘yicha raddiya e’lon qilishni yukladi.

2 daqiqa o‘qiladi

“Ozodlik” 100 million so‘m tovon puli to‘laydi

Gaz resurslari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi Ultimo Group Limited MCHJning 50 foizlik ulushiga egalik qiluvchi tadbirkor va mazkur kompaniya direktori Tuhfatxo‘ja Anvarxo‘jayev 2024-yil aprel oyida e’lon qilingan materiallar sabab “Ozodlik” radiosining o‘zbek tahririyati hamda uning jurnalisti Lazizxon Olimov (Aziz Nur) ustidan sudga da’vo arizasi kiritgan va ushbu ish bo‘yicha sud yakuniy xulosaga kelgan. Bu haqda Gazeta.uz nashri xabar bermoqda.

Uchinchi shaxs “O‘ztransgaz” xodimlari

Ish fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudida sudya A. Rajabov raisligida ko‘rib chiqildi. 12-iyul kuni bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida da’vogar Tuhfatxo‘ja Anvarxo‘jayevning advokati Davronbek Axmatov, uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan “O‘ztransgaz” AJning ikki nafar xodimi ishtirok etgandi.

“Oʻztransgaz” bilan faqatgina “tashish shartnomasi” imzolangan

Sud majlisida “Oʻztransgaz” kompaniyasi vakillari Ultimo Group Limited Turkmaniston gazini “Qizilqumsement” kompaniyasiga sotganligini tasdiqlagan. Yetkazib berish uchun “Oʻztransgaz”ning magistral gaz quvurlari infratuzilmasidan foydalanilgan boʻlib, u bilan faqatgina “tashish shartnomasi” imzolangani qayd etilgan.

Tashish tariflari bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Qoʻchqorov raisligida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Hukumatlararo tarif komissiyasi tomonidan tasdiqlangan.

“Qizilqumsement” Ultimo Group Limited kompaniyasidan gazni 1000 soʻmdan sotib olgan

“Oʻztransgaz” vakilining aytishicha, qishda sement zavodlari gaz yetishmasligi sababli toʻxtab qolgan, biroq “Qizilqumsement”ning Tashkent City loyihasi tashabbuskorlari oldidagi majburiyatlari bor edi, uni amalga oshirish uchun xomashyo kerak boʻlgan. Taʼminot uzilgan taqdirda jarima nazarda tutilgan.

“Qizilqumsement” Ultimo Group Limited kompaniyasidan gazni 1000 soʻmdan sotib olgan — xuddi shunday tarif uchinchi toifadagi isteʼmolchilar uchun ham amal qilgan.

“Ozodlikning” surishtiruvi kompaniyaning ishchanlik obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatgan

29-iyul kuni boʻlib oʻtgan yakuniy yigʻilishda tilshunos mutaxassislar, filologiya, adabiyot va oʻzbek tili fanlari magistranti va doktorantlari ishtirok etib, tergovda bildirilgan fikrlarga baho berdilar.

Ular “arvoh” “oʻrtakash” “yashirin faoliyat” va boshqa soʻzlarni hamda kontekstni baholagan. Daʼvogar tomon, shuningdek, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazidan xulosa olib, kompaniyaning ishchanlik obroʻsiga, taʼsischining shaʼni va qadr-qimmatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan yuqoridagi va boshqa epizodlarni ham koʻrsatib oʻtgan.

Sud qarori qanday bo‘ldi?

Majlis yakunida Abduqodir Rajabov raisligidagi sud Ultimo Group Limited va Tuhaftxoʻja Anvarxoʻjayevning daʼvosini qanoatlantirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi va “Ozodlik” radiosiga raddiya eʼlon qilib, maʼnaviy zarar uchun 100 mln. soʻm kompensatsiya toʻlashni yukladi.