DXXdan katta "ov": O‘zbekistondagi narkokanallar faoliyatiga chek qo‘yilmoqda
Bir kunda 15 nafar shaxs narkotik moddalar bilan qo‘lga olindi. Ularning orasida Ukraina, Ozarbayjon va Tojikiston fuqarolari ham bor.
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan respublikaning turli hududlarida narkotik moddalarga qarshi reyd tadbirlari o‘tkazildi. Natijada respublikaning 4 hududidan 15 nafar narkotik moddalar bilan shug‘illanuvchi shaxslar qo‘lga tushdi.
Narkolaboratoriya tashkil qilgan Ukraina va Ozarbayjon fuqarolari
Xususan, 1998-y.t. Ukraina fuqarosi va 2001-y.t. Ozarbayjon fuqarosi vaqtincha istiqomat qilayotgan Yuqori Chirchiq tumanidagi xonadonda 411 gr. “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi, 7 kg.ga yaqin yarim tayyor narkotik moddalar hamda 237 kg. prekursorlar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, ular ushbu manzilda yashirin narkolaboratoriya tashkil etib, xorijdan keltirilgan xom-ashyolar yordamida sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullanishgan.
“Telegram” messenjeridagi narkodokon
Sergeli tumanida qayd etilgan holatda, qo‘shni respublikadan xalqaro yo‘lovchi tashuvchi avtobus orqali yuborilgan 4 kg. 799 gr. “Alfa-PVP” sintetik narkotikni qabul qilib olgan vaqtida mazkur tumanda yashovchi, 1985-y.t. shaxs qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, u “Telegram” messenjerida faoliyat yurituvchi narkodo‘kon uchun ombor vazifasini bajarib kelgan.
Transformator ostiga yashirilgan “gashish”
Boshqa holatda esa, Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1999-y.t. tug‘ilgan shaxs o‘zining yashash xonadoni yaqinida joylashgan elektr transformatori ostiga kelgusida sotish maqsadida 584 gr. “gashish” moddasini yashirib qo‘yganligi aniqlanib, ushbu giyohvandlik vositasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Mazkur fuqaro “Telegram” messenjerida narkodo‘kon tashkil qilib, xorijdan olib kelingan giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan.
Qariyb 12 kilolik “gashish”
Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, tojikistonlik narkosavdogar aylanma yo‘llar orqali yuborgan 11 kg. 942 gr. “gashish” moddasini qabul qilib olib, Sho‘rchi tumanidagi to‘yxona yaqinida joylashgan simyog‘och ostiga yashirib ketmoqchi bo‘lgan vaqtlarida, o‘zaro qarindosh hisoblangan, 1999-y.t. 2 nafar mahalliy fuqaro qo‘lga olindi.
Shuningdek, ular ajal og‘usini belgilangan joyga qoldirib ketganlaridan so‘ng, uni boshqa shaxs olib ketishi kerakligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va giyohvandlik vositasini xufiya joydan olish uchun kelgan Uzun tumanida yashovchi, 1987-y.t. fuqaro ham ushlandi.
“Ta’kidlash lozimki, biroz avvalroq Tojikiston Respublikasining Tursunzoda tumanida yashovchi, 1979-y.t. Tojikiston fuqarosi mamlakatimizga kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 3 kg. 980 gr. “opiy” moddasini Sho‘rchi tumanida xaridorga 17 500 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganligi to‘g‘risida xabar bergan edik”, – deb yozmoqda DXX.
Shu tariqa o‘zbek-tojik davlat chegarasining Sho‘rchi yo‘nalishidagi narkokanal faoliyatiga chek qo‘yildi.
“Ishbilarmon” oila
Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa “Qo‘qon-Farg‘ona” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Treker” rusumli avtotransport vositasi Bog‘dod tumanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda Farg‘ona shahrida yashovchi, 1974 va 1988-yillarda tug‘ilgan 3 nafar shaxs 11 kg. 966 gr. “gashish” moddasini olib ketayotganliklari aniqlanib, protsesssual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, ularni boshqa avtomashinada kuzatib borayotgan va giyohvandlik vositasining haqiqiy egasi bo‘lgan, Farg‘ona shahrida yashovchi, 1990 va 1993-yillarda tug‘ilgan er-xotin ham qo‘lga olindi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur er-xotin muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan shaxslar hisoblanadi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ular Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan ajal og‘usini Qo‘qon shahrida yashovchi, 1986-y.t. ayoldan sotib olganliklari aniqlanib, u ham protsessual tartibda ushlandi.
Nexia’dan topilgan narkotik modda
Boshqa holatda esa “Qo‘qon-Marg‘ilon” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Nexia” rusumli avtotransport vositasi Qo‘shtepa tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Qo‘qon shahrida yashovchi, 1997-y.t. ayolga tegishli 1 kg. 941 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tojikistondan keltirilgan mazkur giyohvandlik vositasi ham yuqoridagi holatda ko‘rsatilgan, ya’ni Qo‘qon shahrida yashovchi, 1986-y.t. ayolga tegishli bo‘lib, uni Marg‘ilon shahriga sotish uchun olib ketayotgan bo‘lgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.



