$
 12694.87
-25.13
 13766.32
-61.59
 139.48
-0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Grantchilar o‘qishni tugatgach 3 yil majburiy ishlab berishi bekor qilinadi

talaba magistratura

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini shakllantirish tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Davlat grant kvotalarini shakllantirish bo‘yicha rejalar

Davlat buyurtmasi (grant kvotalar)ni shakllantirish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Jumladan:

- davlat buyurtmasi parametrlarini amaldagi oliygohlar kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari kesimida tasdiqlash tartibi joriy etiladi; - ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlarga davlat buyurtmasi qisqartirilib, ushbu kvotalarni ustuvor ravishda muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalari orasida taqsimlanadi; - 2025-yildan boshlab davlat buyurtmasi parametrlari oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash va ularga bo‘lgan talab prognoziga muvofiq 4 yillik davr uchun tasdiqlanadi (amalda 1 yil); - oliygohlar moddiy-texnika bazasi, professor-o‘qituvchilari tarkibidan kelib chiqib, keyingi o‘quv yili uchun umumiy qabul parametrlarini (grant va kontraktga ajratmagan holda) bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha shakllantiradi; - davlat buyurtmasi asosida grant o‘rinlari har bir yo‘nalish uchun respublika bo‘yicha to‘plangan ballar ketma-ketligiga ko‘ra abituriyentlarning tanloviga muvofiq amalga oshiriladi.

Minimal o‘qishga kirish ballari ko‘tariladi

Taqdimotda shuningdek, oliygohlarga o‘qishga qabul qilish jarayonlari bo‘yicha bir qancha takliflar berildi. Xususan, o‘qishga kirish uchun minimal o‘tish bali 2 bosqichda oshirilib, sog‘liqni saqlash, huquq, biznes va boshqaruv yo‘nalishlari uchun – 94,5 ball, boshqa yo‘nalishlar uchun – 75,6 ball etib belgilanadi (amalda barcha yo‘nalishlar uchun – 56,7 ball).

Davlat granti 2 ga ajratiladi

Davlat granti talabalar uchun ta’lim granti va ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant shaklida ajratiladi. Bunda:

 ta’lim granti – talabalarga bir o‘quv yili uchun ajratiladi hamda 1-kursda o‘qishga kirish natijalari bo‘yicha, 2-kursdan boshlab reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan talabalarga ajratiladi. Shuningdek, ta’lim granti asosida tahsil olgan talabalarning o‘qishni tugatgandan so‘ng 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi; ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant – maqsadli qabul va imtiyoz asosida qabul qilingan talabalarga butun o‘qish davri uchun beriladi; sirtqi ta’lim shakli uchun kvotalarni kunduzgi ta’lim shakli uchun ajratilgan kvotadan oshirmaslik belgilanadi.

Qayd etilganidek, sirtqi ta’lim shakli bosqichma-bosqich masofaviy ta’lim shaklini kengaytirish va uzaytirilgan ta’lim shaklini joriy etish orqali tugatiladi.