$
 11971.40
56.73
 13797.04
61.81
 151.81
3.54
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbek oliygohlari diplomi qaysi davlatlarda o‘tadi?

diplom

Ilgari chet elda o‘qish yoki ishlashni istaganlar diplomini tan oldirish uchun haftalab, ba’zan oylab sarson bo‘lishardi. Har bir davlat alohida tekshiruv o‘tkazar, kimdir qo‘shimcha imtihon talab qilar, boshqasi esa umuman tan olmay qo‘yardi. Endi esa vaziyat o‘zgardi. O‘zbekiston global ta’lim to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shildi va bu mamlakatimizda olingan diplomlar dunyoning 38 ta davlatida rasmiy tan olinishini anglatadi. Bu yoshlar uchun ham, mutaxassislar uchun ham, ta’lim tizimining obro‘si uchun ham katta qadam. Xo‘sh, qaysi davlatlar O‘zbekiston diplomini tan oladi? Keling, birga ko‘rib chiqamiz.

O‘zbekiston diplomlari 38 ta davlatda tan olinadi

O‘zbekiston “Oliy ta’lim sohasida malakalarni tan olish to‘g‘risidagi Global konvensiya”ga qo‘shildi. Bu konvensiya aֹ’zo davlatlarning oliy ta’lim diplomlarini teng darajada tan olish bo‘yicha dunyodagi birinchi global kelishuvdir. Endi O‘zbekistonda berilgan diplomlar konvensiyaga a’zo bo‘lgan 38 ta davlatda rasmiy tan olinish imkoniga ega. Ammo bu O‘zbekiston avtomatik ravishda barcha davlatlarning diplomlarini tan oladi degani emas. O‘zbekistonning ichki tartiblariga ko‘ra, xorijiy diplomlarni tan olish hanuzgacha “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun va Vazirlar Mahkamasining 620-son qarorida belgilangan alohida tartib asosida amalga oshiriladi. Ya’ni ayrim hujjatlar tartib asosida nostrifikatsiyadan o‘tadi, ayrimlari esa xalqaro shartnomalarga muvofiq qo‘shimcha sinovlarsiz tasdiqlanishi mumkin. Agar ikki davlat ta’lim dasturlari o‘rtasida katta farq bo‘lsa, diplom tan olinmasligi mumkin.

Avval qanday bo‘lgan?

O‘zbekiston Global konvensiyani ratifikatsiya qilishidan oldin diplomlarning chet elda tan olinishi juda murakkab jarayon edi. Har bir davlat o‘z qoidasini qo‘llardi, shuning uchun o‘zbekistonlik talaba yoki mutaxassislar chet elga borganda birinchi bo‘lib uchrashadigan masala — nostrifikatsiya deb ataluvchi jarayon bo‘lardi. Bu jarayon uzoq davom etar hamda ko‘pincha qo‘shimcha hujjatlar, imtihonlar yoki malaka tekshiruvlarini ham talab qilardi.

Avval O‘zbekiston diplomi yevropalik yoki osiyolik ish beruvchi tomonidan avtomatik qabul qilinmasdi. Ular diplomdagi fanlarni, o‘quv dasturlarini, kredit soatlarini aniq taqqoslab chiqishardi. Bu esa haftalar, ba’zan oylar davom etardi. Ba’zi davlatlarda mutaxassislik bo‘yicha ishlash uchun qo‘shimcha sertifikatlar yoki kasbiy imtihon topshirishga majbur bo‘lishardi. Hatto ba’zilar diplomlarni umuman tan olmay, “qayta o‘qish kerak” degan talab qo‘ygan holatlar ham bo‘lgan. Odamlar diplomlarini tasdiqlatish uchun konsulliklarga, maxsus agentliklarga yoki ta’lim vazirliklariga borib, uzun navbatlarda turishardi. O‘nlab qog‘ozlar to‘plash, tarjima qildirish, tasdiqlatish juda ko‘p vaqt va pul talab qilardi.

Diplomi tan olinmagani sabab ko‘plab o‘zbekistonliklar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlay olmasdi. Masalan, o‘qituvchi bo‘lsa — o‘qituvchi bo‘lib ishlay olmasdi, muhandis bo‘lsa — muhandislikka qabul qilinmasdi. Magistratura yoki doktorantura uchun hujjat topshirganlar ko‘pincha “diplomni qayta baholash” deb nomlangan xizmatga alohida haq to‘lashardi. Bu esa talabalar uchun qo‘shimcha moliyaviy yuk edi.

Qaysi davlatlar O‘zbekiston diplomini tan oladi?

Endilikda global konvensiya bo‘yicha quyidagi 38 ta davlat O‘zbekiston diplomini tan oladi:

Yevropa (20):

Fransiya, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Islandiya, Vengriya, Andorra, Armaniston, Xorvatiya, Estoniya, Litva, Moldova, Ruminiya, Slovakiya, Gruziya, Bosniya va Gersegovina, Muqaddas Prestol, San-Marino, Lyuksemburg.

Amerika (4):

Kuba, Nikaragua, Ekvador, Urugvay.

Afrika (7):

Janubiy Afrika Respublikasi, Tunis, Kabo-Verde, Jibuti, Kot-d’Ivuar, Gvineya, Senegal.

Osiyo (5):

Yaponiya, Janubiy Koreya, Mongoliya, Yaman, Falastin.

Avstraliya–Okeaniya (2):

Avstraliya, Yangi Zenlandiya.

Diplomi O‘zbekistonda imtihonsiz tan olinadigan davlatlar

Chet elda olingan diplomlarning faqat nostrifikatsiya(chet el diplomining O‘zbekiston standartlariga mosligini tekshirish) qilinganlari O‘zbekistonda tan olinadi. Xorijiy diplomlarni nostrifikatsiyadan oʻtkazishda 2 xil yo‘l bor. Bular sinovsiz yoki maxsus imtihon bilan.

Sinovsiz tan olish uchun:

  • dunyoning TOP-1000 reytingidagi universitetda o‘qigan bo‘lish,
  • xalqaro shartnoma asosida o‘qigan bo‘lish,
  • O‘zbekiston prezidenti yoki hukumat qarori bilan tashkil etilgan chet el OTMlarida o‘qigan bo‘lish,
  • xorijiy grantlar bilan o‘qib kelgan bo‘lish kerak.

Bu talablarga mos kelmagan diplomlar esa maxsus test imtihoni orqali tekshiriladi. Test 50 ta savoldan iborat bo‘lib, 100 daqiqa vaqt beriladi. Imtihonda 54 balldan kam olganlarning diplomlari tan olinmaydi. 54 balldan yuqori olganlarga diplom tan olingani haqida guvohnoma beriladi.

Nostrifikatsiya uchun hujjatlar faqat Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz orqali topshiriladi. Bunda diplom asl nusxasi, pasport, tarjimalar va davlat boji to‘lov kvitansiyasi talab qilinadi.

Теги :
Jamiyat