$
 12634.34
-18.98
 14821.34
-0.76
 162.37
0.48
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Nodavlat oliygohlar uchun 4% “ixtiyoriy soliq” yuzasidan deputatlik so‘rovi yuborildi

pul

Kuni kecha Respublika Oliy ta’lim Kengashi tomonidan nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan moliya yili yakunida to‘lov-kontrakt shaklida o‘qitishdan tushgan mablag‘larning 4 foizini “Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi”ga o‘tkazish taklifi e’lon qilindi. Bu bayonnoma ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu qarorning qonuniyligi va mohiyati borasida ko‘plab savollar tug‘ilmoqda.

Kengashning vakolati bormi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati D.Artikov bu masalada Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri hamda Bosh prokurorga “Deputat so‘rovi” yubordi. Deputat ushbu bayonnomaning qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini qayta ko‘rib chiqishni va o‘z nuqtai nazarlarini bildirishni so‘radi.

Deputat ta’kidlashicha, tadbirkorlik faoliyatiga hech bir tashkilot qonunga asoslanmay turib turli to‘lovlar joriy qila olmaydi. Nodavlat OTMlardan “4% to‘lov” talab qilish nafaqat tadbirkorlik huquqlarini cheklaydi, balki sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Respublika Oliy ta’lim Kengashi

Muhokamaga sabab bo‘lgan bayonnoma 29-noyabr kuni tasdiqlangan. Unda nodavlat OTMlardan mablag‘larning 4 foizini jamg‘armaga yo‘naltirish taklif qilingan. Ammo:

 • Respublika Oliy ta’lim Kengashi nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi va hech qanday majburiyat yuklash huquqiga ega emas.

 • Bu qaror huquqiy majburiy kuchga ega emas, ya’ni nodavlat OTMlar ushbu to‘lovni amalga oshirishga majbur emas.

Bayonnomada ushbu taklif qaysi nodavlat OTM rektorlari tomonidan berilgani haqida aniq ma’lumot keltirilmagan. Ammo, bayonnomani pesh qilib, nodavlat OTMlardan mablag‘ talab qilish noqonuniy hisoblanadi.

Qonunga moslik talabi

Bunday turdagi qarorlar amalda Biznes Ombudsman va Adliya vazirligi tomonidan ekspertizadan o‘tishi lozim. Shuningdek, soliq va majburiy to‘lovlar faqat vakolatli davlat organlari tomonidan qonuniy asosda joriy etilishi mumkin.

Oliy ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan har qanday qaror qonunga muvofiq bo‘lishi va tadbirkorlik sub’yektlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi kerak.

Deputatlar fikricha, nodavlat OTMlar ushbu 4% “o‘lpon”ni to‘lashga majbur emas. Bu bayonnoma hech qanday majburiyat yuklamaydi va uni talab qilish noqonuniydir. Mazkur masala rasmiy organlar tomonidan huquqiy jihatdan qayta ko‘rib chiqilishi lozim.

Теги :
Jamiyat