O‘zbek amaldorlari nima sababdan boyliklarini yashirishadi?
Islom Karimov davridagi O‘zbekiston bosh prokurorining o‘g‘li Dubayda qariyb 8 million AQSh dollariga teng ko‘chmas mulkka egalik qilishi aniqlandi.
3 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimov davridagi O‘zbekiston bosh prokurorining o‘g‘li Dubayda qariyb 8 million AQSH dollariga teng ko‘chmas mulkka egalik qilishi aniqlandi.
O‘zbekistonlik millioner va milliarderlar — davlat amaldorlari yoki ularning qo‘l ostlaridagi shaxslar
Odatda, o‘zbekistonlik millioner va milliarderlar o‘z boyliklari va ularning miqdorini jamoatchilikka oshkor qilishni istamaydilar. Sababi, O‘zbekistonda davlat amalida o‘tirib, boylik orttirish ko‘pincha xalq tafakkurida korrupsiyani nazarda tutadi. Aniqlanishicha, 2013-yilda mamlakatimizda 80 ga yaqin millioner bo‘lgan. Ulardan har birining boyligi 30 million AQSH dollaridan ortgan. Ushbu saksonlikning umumiy yalpi boyligi hajmi esa, 12 milliard dollardan oshiq bo‘lgan. Shuningdek, bu qatlamning asosiy qismini davlat amaldorlari yoki ularning qo‘l ostlaridagi shaxslar tashkil qilgan.
Yopiq og‘iz — tinch quloq va o‘lgunga qadar "kreslo" garovi
Bu holatni siyosatshunos bloger Kamoliddin Rabbimov o‘z vaqtida "O‘zbekistonda siyosiy hokimiyat va aynan biznes bir-biriga judayam qorishib ketgan. O‘zbekistonda biznes, ayniqsa, yirik biznes hokimiyatdan mustaqil bo‘lishi mumkin emas va bunga hech kim ishonmaydi", deya izohlagan. O‘zbekistondagi amaldorlar o‘zlarining boyliklarini ochiq ayta olishmasligining sababi, ma’lumot ochiqlangach, keyinchalik ommada ushbu odamga nisbatan bir qancha savollar paydo bo‘lishi va shakllangan siyosiy madaniyatga ko‘ra, imkon qadar boyligini ham, siyosiy ambitsiyalarini ham yashirish o‘sha amaldorning siyosiy hokimiyatda turish imkoniyatini uzaytirishi bilan izohlanadi.
Otameros?
Ma’lum bo‘lishicha, Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni tadqiq etish markazi (OCCRP) ekspertlari "Dubai Unlocked" loyihasi doirasida O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Rashid Qodirovning o‘g‘li Alisher Qodirov Dubayda umumiy qiymati qariyb 8 million AQSH dollariga teng ko‘chmas mulkka egalik qilishiga oid hujjatlarni qo‘lga kiritishgan. OCCRP hujjatlariga muvofiq, Alisher Qodirovning “Marina Plaza”da to‘rtta ofisi mavjud. Ulardan har biri 1,9 million dollardan 2,1 million dollargacha baholangan.
Alisher Qodirovning tarixi
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi 2018-yili tamagirlik va tovlamachilikda gumonlanayotgan Alisher Qodirovga nisbatan qidiruv e’lon qilgan edi. O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov davrida 15-yil davomida O‘zbekiston bosh prokurori lavozimida ishlagan Rashidjon Qodirov 2018-yil 22-fevralida hibsga olinib, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi qarori bilan 2019-yil 26-iyunida 10-yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. U poraxo‘rlik, pora berishda vositachilik qilganlik, tovlamachilik, soliq to‘lashdan bosh tortganlik va jinoiy daromadlarni mangulashtirish kabi jinoyatlarda aybdor deb topilgan.
"Dubai Unlocked" loyihasi
Ma’lumot uchun, OCCRPning Dubai Unlocked loyihasi Dubaydagi qimmatbaho ko‘chmas mulk sohiblari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiqlab keladi. 70 dan ortiq mamlakat jurnalistlari Dubaydagi minglab ko‘chmas mulk obyekti haqida sizgan ma’lumotlarni tahlil qilib chiqishgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hujjatlar ko‘proq 2020 va 2022-yillardagi oldi-sotdilarga aloqador. Mutaxassislarning fikricha, ushbu tadqiqot Birlashgan Arab Amirliklaridagi bu yirik shahar qanday qilib hukumatlar, davlat korporatsiyalari va jinoyat olamiga aloqador odamlar doxil yuzlab kishining pul yotqizishi uchun qulay joyga aylanganini ko‘rsatib bergan.



