147.42
-2.06
$
 11942.21
-47.25
 13743.10
-72.35
weather
+26
Кечаси   +14°

Turizmda sensatsiya: Markaziy Osiyo dunyodagi barcha mintaqalarni ortda qoldirdi

turzim

2025-yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo dunyoda turizm eng tez rivojlanayotgan mintaqa deb topildi. Butunjahon sayyohlik va turizm kengashi (WTTC) hisobotida qayd etilishicha, bir yil ichida turizmning mintaqa yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan hissasi 17,7 foizga oshgan. Bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. 2025-yilda turizmning Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qo‘shgan umumiy hissasi 20,1 milliard dollarga yetib, mintaqa YAIMining 4,3 foizini tashkil etdi. Mutaxassislar 2026-yilda bu ko‘rsatkich 21,7 milliard dollargacha oshishini prognoz qilmoqda.

Xorijlik sayyohlar ko‘paydi, turizm milliardlab dollar olib keldi

Hisobotga ko‘ra, 2019-yil bilan taqqoslaganda turizmning iqtisodiyotga qo‘shgan hissasi 27,1 foizga oshgan. Biroq boshqa tarmoqlarning yanada tez rivojlangani sabab turizmning YAIMdagi ulushi 4,5 foizdan 4,3 foizga pasaygan. 2025-yilda mintaqadagi umumiy turistik xarajatlar 15,4 milliard dollarni tashkil etdi. Shundan 9,9 milliard dollari yoki 64,3 foizi xorijlik sayyohlar hissasiga to‘g‘ri kelgan, ichki sayyohlar esa 5,5 milliard dollar sarflagan. Xarajatlarning asosiy qismi, ya’ni 84,5 foizi dam olish va hordiq chiqarishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, xizmat safarlari ulushi 15,5 foizni tashkil etdi. Bu esa ekologik, tog‘, tarixiy-madaniy va sarguzasht turizmini rivojlantirish uchun katta imkoniyat borligini ko‘rsatmoqda.

Turizm minglab yangi ish o‘rinlarini yaratmoqda

2025-yilda turizm sohasidagi ish o‘rinlari soni 9,5 foizga oshib, mintaqada 1,7 million kishini ish bilan ta’minladi. Hozir Markaziy Osiyodagi har 17 ish o‘rnidan biri aynan turizm hissasiga to‘g‘ri keladi. WTTC prognoziga ko‘ra, 2036-yilga borib bu ko‘rsatkich 2,2 million ish o‘rniga yetadi. Shu bilan birga, turizm infratuzilmasiga kiritilgan investitsiyalar ham 12,4 foizga oshdi va bu natija Markaziy Osiyoni dunyoda eng tez rivojlanayotgan uchta mintaqadan biriga aylantirdi.

Qozog‘iston va O‘zbekiston asosiy turistik markaz bo‘lib qolmoqda

Markaziy Osiyoga kelayotgan sayyohlarning katta qismi qo‘shni davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. 2025-yilda kiruvchi turistlarning 29 foizi Qozog‘istondan, 22 foizi O‘zbekistondan, 20 foizi Rossiyadan, 19 foizi Qirg‘izistondan tashrif buyurgan. Xitoy ulushi 2 foizni, boshqa davlatlar esa jami 8 foizni tashkil etdi. Mintaqa aholisi ham sayohat uchun asosan yaqin davlatlarni tanlamoqda. Eng ommabop yo‘nalish O‘zbekiston bo‘lib, umumiy chiqish oqimining 25 foizi aynan shu mamlakat hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ikkinchi o‘rinda Qozog‘iston, undan keyin Qirg‘iziston, Rossiya va Turkiya joylashgan. Hisobotda qayd etilishicha, Qozog‘iston va Qirg‘iziston turizm infratuzilmasiga katta sarmoya kiritayotgani sabab mintaqada raqobat kuchaymoqda, O‘zbekiston esa tarixiy va ekskursiya turizmidagi yetakchi mavqeini saqlab qolmoqda.

Теги :
Jamiyat