$
 12805.09
-10.04
 13889.68
-8.33
 133.10
-0.1
weather
+26
Кечаси   +14°

Agar haqiqiy tahlil qiladigan bo‘lsak 7 yil ichida oyliklar oshirildi — Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova

Hilola Umarova

2021-yilda O‘zbekistonda oliy toifali o‘qituvchilarning maoshi 1000 dollarga yetkazilishi aytilgandi. Biroq oradan 3 yil o‘tib ham O‘zbekistonda o‘qituvchilar eng kam maosh oluvchi kasb egalari bo‘lib qolmoqda. O‘z-o‘zidan kishida savol tug‘iladi. Bugun mamlakatda necha nafar o‘qituvchi 1000 dollar maosh oladi? 

"7 yil ichida oyliklar oshirildi"

Bir qator jurnalistlar ushbu savol bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaga yuzlanishibdi. Hilola Umarovaning aytishicha, bugun O‘zbekistonda 1000 dollargacha va undan ortiq maosh olayotgan o‘qituvchilar mavjud. “Agar haqiqiy tahlil qiladigan bo‘lsak 7 yil ichida oyliklar oshirildi. Hozirgi kunda albatta toifa tizimida ham imkoniyatlar ham berilyapti", — deydi vazir.

"1000 dollargacha va undan ortiq maosh olayotgan o‘qituvchilar ham bor"

"1000 dollargacha oylik olayotgan ustozlarimiz ham bor, undan oshiq olayotganlar ham. Ya’ni bu shunday tizim, ustozlarimiz harakatiga qarab o‘sha sertifikat beriladi va maosh shunga ko‘ra oshadi. Mana, kuni kecha hurmatli Prezidentimiz boshchiligidagi yig‘ilishda ham, bu masala ko‘tarildi. Takliflar ishlab chiqilib Moliya vazirligi bilan birgalikda ishlayapmiz”, — dedi Hilola Umarova.

Eng kam o‘rtacha oylik ish haqi

Ma’lumot uchun, 2024-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistondagi nominal hisoblangan o‘rtacha oylik ish haqi 4,9 million so‘mga yetib, unga ko‘ra, faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng kam ko‘rsatkichi — ta’lim (3,4 million so‘m), sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (3,2 million so‘m) sohalarida kuzatilgan. Mazkur sohalardagi o‘rtacha ish haqi respublikadagi umumiy o‘rtacha oylik ish haqidan sezilarli darajada kamligicha qolmoqda.