$
 11814.05
11.86
 13482.19
-45.48
 139.93
0.06
weather
+26
Кечаси   +14°

So‘mdagi omonatlar kamroq daromad bera boshladi: Jismoniy shaxslar uchun o‘rtacha stavka 18,4 foizgacha tushdi

omonat

O‘zbekistonda bank omonatlari bo‘yicha foizlar o‘zgarmoqda. Avgust oyida so‘mdagi muddatli depozitlar stavkasi bir yil oldingiga qaraganda ancha pasaygan. Ayniqsa, jismoniy shaxslar uchun taklif qilinayotgan o‘rtacha foiz 21,4 foizdan 18,4 foizga tushgan. Xorijiy valyutadagi omonatlarda esa buning aksi kuzatilib, stavkalar biroz oshgan.

So‘mdagi omonatlar endi avvalgidan kamroq foiz bermoqda

Avgust oyida so‘mdagi muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 17,2 foizni tashkil etdi. Bir yil oldin bu ko‘rsatkich 19,8 foiz edi.

Aholining omonatlarida pasayish yanada sezilarli. Jismoniy shaxslar bankka so‘mda muddatli omonat qo‘ysa, avgust oyida unga o‘rtacha 18,4 foiz taklif qilingan. 2025-yil avgustida esa bu ko‘rsatkich 21,4 foiz edi. Bir yil ichida o‘rtacha foiz 3 foiz punktga tushgan.

Korxona va tashkilotlar uchun ham stavkalar pasaygan. Yuridik shaxslarning so‘mdagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz hozir 15,5 foizni tashkil etmoqda. O‘tgan yilning shu oyida bu ko‘rsatkich 17,7 foiz bo‘lgan.

Foiz tushgan bo‘lsa ham, real daromad hali ham yuqori

Foizlar pasayganiga qaramay, Markaziy bank so‘mdagi depozitlarning real daromadliligi hali ham nisbatan yuqori ekanini qayd etmoqda. Bunga inflyatsion jarayonlarning barqarorlashuvi ta’sir qilgan.

Avgustda jismoniy shaxslarning so‘mdagi muddatli omonatlari bo‘yicha real foiz stavkasi 7,9 foizni tashkil etdi. Bu bir yil oldingidan 0,3 foiz punktga past.

Yuridik shaxslarda esa real stavka 5,3 foiz bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘zgarmagan.

Valyutadagi omonatlarda vaziyat aksincha

So‘mdagi omonatlar foizi pasayayotgan bir paytda, dollar va boshqa xorijiy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha stavkalar biroz ko‘tarilgan.

Avgust oyida xorijiy valyutadagi muddatli depozitlarning o‘rtacha foizi 5,5 foizga yetdi. Bir yil oldin bu ko‘rsatkich 5 foiz atrofida edi. Demak, yillik o‘sish 0,5 foiz punktni tashkil qilgan.

Jismoniy shaxslarning valyutadagi muddatli omonatlariga banklar o‘rtacha 5,4 foiz taklif qilgan. Korxona va tashkilotlar uchun esa bu ko‘rsatkich 5,7 foizni tashkil etgan.

Теги :
Jamiyat