$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Olimpiada medallari “xalq cho‘ntagi”ga qanchaga tushdi?

olympic medals

O‘zbekiston delegatsiyasi Parij Olimpiadasida tarixdagi o‘zining eng yaxshi natijasini qayd etdi. 13 ta medal, ulardan 8 tasi oltin. O‘zbekiston delegatsiyasi 206 ta davlat orasida 13-o‘rin, postsovet makoni, turkiy dunyo va musulmon mamlakatlari orasida 1-o‘rin, Osiyo bo‘yicha esa 4-o‘rinni egalladi. Ajoyib va endilikda takrorlash birmuncha qiyin bo‘lgan natija. Sovrindor sportchilar yurtga qaytgach, ularni tantanali tarzda kutib olinib, ommaga avvaldan ma’lum qilinmagan sovg‘alar bilan ham taqdirlandi. Qiziq, ushbu sovrin va sovg‘alar uchun “xalq cho‘ntagi”, byudjetdan qancha mablag‘ ajratildi? 

Parij—2024ga tayyorgarlik uchun ajratilgan mablag‘lar

Avvalgi yillardagi davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunlarga ko‘ra, 2024 yilgi yozgi olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish va unda ishtirok etish uchun:

2022-yilda 135 mlrd. so‘m;

2023-yilda 216 mlrd. so‘m;

2024-yilda 250 mlrd. so‘m ajratilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqilsa, Parij olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rish uchun umumiy hisobda 601 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lmoqda. Har bir yil uchun o‘rtacha dollar kursida bu taxminan 50,55 mln. dollarni tashkil qiladi.

Musobaqa avvalida belgilangan sovg‘alar 

Prezident farmoniga ko‘ra, oldindan ma’lum qilinganidek, Olimpiada chempionlari 200 ming dollar, kumush medal sohiblari 100 ming dollar, bronza medal sovrindorlari 50 ming dollar bilan mukofotlandi. Murabbiylar esa mos ravishda 50 ming, 25 ming va 12,5 ming dollar pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Shunga ko‘ra, olimpiadaning 8 nafari g‘olibiga jami 1,6 mln dollar, ikkita kumush medal sohibiga jami 200 ming dollar, bronza medalini olgan uch sportchiga esa jami 150 ming dollar topshirildi. Shu tariqa, sportchilarning mukofot jamg‘armasi 1,95 mln. dollarni tashkil etdi. Ma’lum bo‘lishicha, murabbiylarning qanchasi mukofot puli olishi hozircha noma’lum, biroq har bir sportchi uchun bitta murabbiy mukofot oladi, deya hisoblasak, miqdor 487,5 ming dollarni tashkil qiladi. Bu haqda Gazeta.uz nashri ma’lum qiladi.

Oldindan ma’lum qilinmagan syurprizlar

Oltin egalariga 1,04 mlrd. so‘m yoki 82,33 ming dollarlik Tahoe avtomobillari ham topshirildi. Kumush medal sohiblariga 395,3 mln. so‘mdan (31,3 ming dollar) baholangan BYD Song Plus EV Champion avtomobillari, bronza medali sohiblariga esa 387,2 mln. so‘mdan (30,67 ming dollar) baholangan BYD Song Plus DM-i Champion avtomobillari berildi. Rasmiy narx-navolar asosida hisoblaganda, sakkizta Tahoe, ikkita BYD Song Plus EV Champion va uchta BYD Song Plus DM-i Champion (minimal konfiguratsiyada) taxminan 10,27 mlrd. so‘m yoki 813,3 ming dollarni tashkil qiladi. Chempionlarga ikki qavatli kottejlar, kumush va bronza medal sohiblariga esa xonadonlar ham topshirildi. Biroq ularning narxi noma’lum. Shunday qilib, bitta medalni qo‘lga kiritish uchun O‘zbekiston davlat byudjetidan o‘rtacha 3,89 mln. dollar, pul mukofotlari va avtomobillar ham hisobga olinsa 4,14 mln. dollar ajratilgan.

Теги :
Jamiyat