$
 12020.48
4.52
 14048.33
-3.13
 158.77
-1.53
weather
+26
Кечаси   +14°

AQSh oltinlaridagi jinoyat izlari: Kartellar pulni qanday “yuvyapti”?

oltin

So‘nggi paytlarda oltin bozori haqida juda jiddiy savollar paydo bo‘la boshladi. Odatda oltin eng ishonchli va nazorat qilinadigan boyliklardan biri hisoblanadi. Lekin yangi tekshiruvlar shunday tizimga ham noqonuniy oltin kiritish mumkinligini ko‘rsatdi. Eng qizig‘i, bu oltin oddiy bozorlarda emas, balki rasmiy darajadagi tizimlargacha yetib borgan. The New York Timesning ma’lum qilishicha, Kolumbiyada noqonuniy qazib olingan oltin turli yo‘llar bilan “tozalanib”, xalqaro bozorga chiqarilgan va hatto AQSh tizimiga ham kirib borgan bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, noqonuniy oltinlar qanday qilib AQSh tizimiga kirib borgan?

Noqonuniy oltin qanday qilib “toza” bo‘lib chiqadi?

The New York Times o‘tkazgan tekshiruvga ko‘ra, Kolumbiyada qazib olinayotgan oltinning katta qismi qurolli guruhlar va narkokartellar nazoratida. Bu oltin aslida noqonuniy tarzda qazib olinadi. Keyin esa vositachilar orqali “tozalanadi”, ya’ni hujjatlar rasmiy ko‘rinishga keltiriladi. Shundan keyin u go‘yoki qonuniy mahsulotdek eksport qilinadi va global bozorga kirib boradi. Shu yo‘l bilan bu oltin xalqaro ta’minot zanjiriga qo‘shilib ketadi.

AQSh tizimiga qanday kirib borgan?

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, ba’zi holatlarda bu oltin AQSh zarbxonasi — US Mint ta’minot zanjirigacha yetib borgan. Qonun bo‘yicha bu tashkilot investorlar uchun chiqariladigan tangalarda faqat AQShda qazib olingan oltindan foydalanishi kerak. Lekin tizimda aniq nazorat bo‘lmagani sabab, xorijiy oltin ham “mahalliy oltin” sifatida qabul qilingan. Agar ichki oltin bilan hisob-kitob qilinsa, chetdan kelgan oltin ham ishlatilgan. Bu tartib esa 20 yildan beri deyarli tekshirilmagan.

US Mint aybni yetkazib beruvchilarga yuklagan, ular esa yana boshqa vositachilarni ko‘rsatgan. AQSh Moliya vazirligi esa bu ma’lumotlarni rad etib, xorijiy oltin olish qonunga zid emasligini aytgan. BMT ma’lumotlariga qaraganda, bir yilning o‘zida Kolumbiyadan eksport qilingan oltinning 1,5 milliard dollarlik qismi aynan AQShga ketgan. Bu esa AQShni eng katta xaridorga aylantirgan.

Muammo qanchalik jiddiy?

Bunday holat avval ham kuzatilgan. Oldingi tekshiruvlar Lotin Amerikasidan, jumladan Peru va Kolumbiyadan kelgan noqonuniy oltin Shimoliy Amerika bozorlariga kirib kelganini ko‘rsatgan. Odatda bu oltin qonuniy oltin bilan aralashtiriladi va qalbaki hujjatlar bilan sotiladi.

Mutaxassislarning aytishicha, oltinning asl kelib chiqishini aniqlash juda qiyin. Tadqiqotlarga ko‘ra, dunyodagi moliyaviy tashkilotlarning 80 foizdan ortig‘i bunday noqonuniy oltin bilan bog‘lanib qolish xavfi ostida.

Bu holat oltin ta’minoti zanjirida to‘liq shaffoflikka erishish juda qiyinligi, nazorat tizimlari esa hali yetarli emasligini ko‘rsatdi. Shu sabab AQSh Moliya vazirligi endi bu masalani qayta ko‘rib chiqib, nazoratni kuchaytirayotganini bildirgan.

Теги :
Jamiyat