2030-yilda 600 million kishini ocharchilik kutmoqda
IFAD global iqlim muammolari va ayrim mamlakatlar hukumatlarining moliyaviy inqirozga yetaklovchi xatti-harakatlari oqibatini prognoz qildi.
2 daqiqa o‘qiladi

IFAD global iqlim muammolari va ayrim mamlakatlar hukumatlarining moliyaviy inqirozga yetaklovchi xatti-harakatlari oqibatini prognoz qildi. Bu haqda Context portal xabar berdi.
2,8 milliard kishi esa sog‘lom oziq-ovqatdan mahrum bo‘ladi
Unga ko‘ra, 2030-yilga borib sayyoramizdagi 600 mln. kishi ocharchilik bilan ro‘baro‘ keladi, 2,8 mlrd. kishi esa sog‘lom oziq-ovqatdan mahrum bo‘ladi.
“BMTning ocharchilikka qarshi kurashish maqsadlari bajarilmasligi majburiy migratsiyani yanada kuchaytiradi, ish o‘rinlari sonini qisqartiradi, Afrika kabi aholisi o‘sib borayotgan mintaqalarda resurslar ustidagi nizolarni yanada keskinlashtiradi”, — IFAD prezidenti Alvaro Larioning so‘zlarini keltirdi portal.
Dunyo bo‘ylab to‘yib ovqatlanmaslik kuchayadi
Ta’kidlanishicha, ochlik va oziq-ovqat bilan bog‘liq muammolar faqatgina Afrikaga tahdid solmayapti. Mutaxassislarning fikricha, iqlim o‘zgarishi va undan keyingi suv toshqinlari va yuqori haroratlar tufayli dunyo bo‘ylab to‘yib ovqatlanmaslik yanada kuchayishi mumkin. Bundan tashqari, iqlim bilan bog‘liq muammolar butun dunyo bo‘ylab kichik biznesga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ular iqlim o‘zgarishi tufayli hosilning nobud bo‘lishi fonida bankrot bo‘lishi mumkin.
Iqlimiy barqarorlik darajasi oshishi suv toshqinlari sonini oshirishi mumkin
Yevropadagi “Kopernik” iqlim kuzatuvlari xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Yerda qatorasiga 12 oy harorat rekordlari o‘rnatildi. Ya’ni 2023-yilning iyunidan boshlab har oy oldingisi (o‘tgan yilgisi)ga nisbatan issiqroq bo‘ldi, oqibatda jahondagi o‘rtacha harorat iqlimiy barqarorlik darajasidan 1,64 daraja yuqorilashdi. Bu esa suv toshqinlari sonini yanada oshirib, ekotizimning buzilishiga va ocharchilikning kuchayishiga olib kelishi mumkin, deya xavotirlanishmoqda ekspertlar.



