$
 12990.00
5.56
 13570.65
127.86
 131.86
1.96
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston AQSh obligatsiyalarini sotib olishda davom etadi

Obligatsiya

Markaziy bank oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish maqsadida xorijiy davlatlarning davlat obligatsiyalarini sotib olishni davom ettirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 23-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida regulyator raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov ma’lum qildi.

2024-yil oxirida xorijiy mamlakatlar qimmatli qog‘ozlarining zaxiradagi hajmi $101 mln.ga yetgan

Iyun oyida Markaziy bank qiymati 35 mln. dollarlik xorijiy mamlakatlar qimmatli qog‘ozlarini sotib oldi, 2024-yil oxirida esa ularning zaxiradagi hajmi 101 mln. dollarga yetdi. Regulyator asosan AQSh g‘aznachilik obligatsiyalariga sarmoya kiritgan.

“O‘tgan yili oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish maqsadida boshlangan AQSh qimmatli qog‘ozlarini sotib olish amaliyoti joriy yilda ham davom ettirilishi rejalashtirilgan”,dedi Markaziy bank rahbari o‘rinbosari.

2025-yilda qancha sotib olish rejalashtirlmoqda?

Abror Mirzo Olimov Spot nashriga bergan intervyusida 2025-yilda qimmatli qog‘ozlarni xarid qilish hajmi ularning narxi va AQShdagi foiz stavkalariga bog‘liq bo‘lishini ta’kidladi. Bugungi kunda Markaziy bank ikki turdagi davlat obligatsiyalariga egalik qilmoqda — aniq belgilangan va o‘zgaruvchan (suzib yuruvchi) stavkali.

Sotib olish rejalariga nima ta’sir ko‘rsatadi?

Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bankning AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarini sotib olish rejalariga iqtisodiy vaziyat va AQSh Federal zaxira tizimi (FRS) tomonidan belgilanadigan foiz stavkasi ta’sir ko‘rsatadi.

“Biroq, biz bu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettiramiz, chunki biz oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish, ularning barchasini bitta aktivda saqlash emas, balki boshqa aktivlar o‘rtasida qayta taqsimlashni maqsad qilib qo‘yganmiz. Birinchi bosqichda tavakkalchilik darajasi nolga yaqin bo‘lgan AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarini sotib olishni rejalashtirmoqdamiz”, — deya uning so‘zlarini keltirgan nashr.

Olimov, shuningdek, regulyator hali kriptovalyutalarga sarmoya kiritishni rejalashtirmayotganini aytdi.

O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 6,6 mlrd. dollarga yetdi

2024-yil yakuniga ko‘ra O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 6,6 mlrd. dollarga oshib, 41,2 mlrd. dollarga yetdi. Oltinning fizik hajmi yil davomida qariyb 12,4 tonnaga oshdi, biroq valyuta zaxiralari kamaydi.

Теги :
Jamiyat