$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda iyun oyida o'rtacha oylik harorat me'yordan 1-2,5 gradusga oshdi

Iyun Foto: Gazeta.uz

“O‘zgidromet” 2024-yilning iyun oyi O‘zbekistonda qanday bo‘lgani haqida maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, XXI asrdagi ko‘pgina iyun oylari kabi, bu yilning iyun oyi ham issiq bo‘ldi. O‘rtacha oylik harorat meʼyordan 1-2,5 darajaga ko‘p bo‘ldi. O‘zbekiston hududining katta qismida 2024-yil iyun oyi barcha kuzatuv yillari uchun eng issiq iyun oylari beshligiga kirdi.

Iyun oyida maksimal harorat 32-37 daraja

Toshkentda o‘tgan iyun oyi 2021 va 2023-yillarning iyun oylaridan so‘ng uchinchi o‘rinni egalladi, ular meʼyordan 2,8-3,2 darajaga issiqroq bo‘ldi. Oy davomida harorat foni deyarli tekis bo‘lishi qayd etildi. O‘zbekiston hududining katta qismida iyun oyida maksimal harorat asosan 32-37 daraja, janubda va cho‘l hududlarda 36-41 daraja atrofida bo‘ldi.

Eng issiq kunlar

Eng issiq ob-havo 27—28-iyun kunlari kuzatildi. Ushbu kunlarda harorat 39-41 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda 42-43 darajagacha ko‘tarildi. Bu iyun oyi uchun eng yuqori harorat qiymatlari emas. Iyun oyidagi maksimal havo harorati rekordlari 42-44 darajani, janubda va cho‘l hududlarda 45-47 darajani tashkil etadi.

Ekstremal quruq oy

Toshkentda 154-yillik meteorologik kuzatuvlar uchun 1914-yil iyun oyining mutlaq maksimal harorati 43,0 daraja bo‘lib qoldi. Ko‘pincha yoz faslida kuzatilgani kabi, 2024-yil iyun oyida yog‘ingarchilik juda notekis bo‘ldi. O‘zbekiston hududining katta qismida o‘tgan iyun oyi ekstremal quruq oy deb tavsiflanishi mumkin. Oy davomida yog‘ingarchilik miqdori 0,0-4 mm, ayrim joylarda 6-11 mm bo‘ldi.

Faqat Andijon, Farg‘ona viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimolida yomg‘ir yog‘ishi jadalroq bo‘ldi. Oy davomida yog‘ingarchilik miqdori baʼzi joylarda 15-22 mm ga yetdi. Yomg‘ir juda kamdan-kam hollarda yog‘di (oyda 1-3 kun) va qisqa muddatli xarakterga ega bo‘ldi.

Bir oylik yog‘ingarchilik miqdori 25-35 mm

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida qisqa muddatli yomg‘irlar tez-tez kuzatildi va ayrim kunlarda yomg‘ir kuchli — bir necha soat ichida 10-20 mm gacha bo‘ldi. Bir oy davomida yog‘ingarchilikning umumiy miqdori 25-35 mm ga yetdi, Farg‘ona viloyati tog‘larida va Toshkent, Qashqadaryo viloyatlarining baland tog‘li hududlarida 60-100 mm gacha bo‘lishi kuzatildi.

Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan, Farg‘ona viloyatlarining ayrim tog‘oldi va tog‘li hududlarida jala yomg‘irlar hisobiga sel-suv toshqin hodisalari yuzaga keldi.

Shamol tezligi 22-25 m/s ga yetdi

Respublika bo‘yicha baʼzi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarining ayrim joylarida shamolning kuchayishi 22-25 m/s ga yetdi. Respublika shimolida, janubida va cho‘l hududlarida shamolning kuchayishi changli bo‘ronlar bilan qayd etildi, ko‘rinuvchanlik 1000 m gacha yomonlashdi.