$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Nega ertalab nonushta qilish kerak?

Nonushtaa

Ko‘pchilik insonlar ertalab ishga yoki o‘qishga shoshilib, nonushta qilishni unutadi. Ayrimlar esa ishtahasi yo‘qligi tufayli tamaddi qilishni xushlamaydi. Ammo bunga doimiy odatlanish organizmda jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Organizmni energiya va zarur ozuqa moddalari bilan ta’minlaydi

Yunusobod tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Shoira Abdusattarova ertalab nonushta qilishning ahamiyati haqida gapirib berdi: "Ertalab nonushta qilishning salomatlik uchun foydasi katta. Eng avvalo, u kunni yaxshi boshlash va yuqori samaradorlikka erishishga yordam beradi. Qolaversa, tongi tamaddi organizmni energiya va zarur ozuqa moddalari bilan ta’minlaydi", — deydi.

Saqlangan energiyadan foydalanishning zararlari

Ertalab nonushta qilmaslik tufayli tana quvvat manbaidan ayriladi. Oqibatda organizm o‘zining saqlangan energiya resurslarini ishlatishga majbur bo‘ladi. Natijada kun davomida charchoq, diqqatning yo‘qolishi va konsentratsiyaning pasayishi kuzatiladi. Bu, ayniqsa, ishda va o‘qishda yuqori samaradorlikka erishishga to‘sqinlik qiladi. Mazkur holat muntazam davom etganda, oshqozon-ichak trakti kasalliklarining kuchayishi va jigar-o‘t faoliyatida qator muammolarga olib kelishi mumkin.

Tonggi tamaddi qonda shakar miqdorini normal holatda ushlaydi

Ertalabki ovqat metabolizmni tezlashtirib, organizmning kaloriyalarni tezroq sarflashini ta’minlaydi. Nonushta qilmaslik bu jarayonni sekinlashtirib, tanada ortiqcha vazn yig‘iladi. Shuningdek, tonggi tamaddi qonda shakar miqdorini normal holatda ushlab turishga yordam berishi bilan foydali. Agar nonushta qilinmasa, qonda qand miqdori pasayib ketishi mumkin. Bu esa uyquchanlik, asabiylik va ish qobiliyatining pasayishiga olib keladi. Shu bilan birga, oshqozonda kislota miqdorining oshishi tufayli turli xastaliklar, xususan, gastrit yoki yara paydo bo‘lish ehtimoli yuqori.

Immun tizimiga ta’siri

 Bilamizki, muntazam va to‘g‘ri ovqatlanish immun tizimini mustahkamlaydi. Nonushta qilmaslik esa aksincha immunitetning pasayishiga va organizmning turli infeksiyalarga qarshi kurashish qobiliyatining susayishiga sabab bo‘ladi. So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, ertalab uyqudan turganda so‘ng ovqatlanmaydiganlar yiliga 3-5 kilogrammgacha vazn orttiradi va 35-50 yoshga borib ularda semizlik bilan bog‘liq muammolar kuzatilishi mumkin.

Hammaga mos keladigan nonushta mavjud emas

 Albatta hammaga birdek mos keladigan universal nonushta yo‘q. Bu organizmning o‘ziga xosligigа bog‘liq. Xususan, yuqori kislotalik va intensiv hazm qilish holati bo‘lgan odamlar kuchli nonushta qilishi, aksincha bo‘lsa, yengilroq tamaddi qilgani maqsadga muvofiq.

Nonushtaga nimalar iste’mol qilish lozim?

Tongni bir stakan iliq suv ichish bilan boshlash salomatlik uchun koni foyda. Nonushtaga esa tuxum, tovuq go‘shti, javdari undan qilingan non va non mahsulotlari, asal pishloq va bo‘tqalar tanovul qilish tavsiya etiladi. Aksincha, xamirturushli non, pishiriqlar, allergik reaksiyalarni keltirib chiqaruvchi sitrus mevalarni iste’mol qilish va kofe ichish mumkin emas.