$
 12844.00
18.99
 13550.42
-1.77
 128.30
-0.32
weather
+26
Кечаси   +14°

Shavkat Mirziyoyev bosh vazirlikka Abdulla Aripovning nomzodini ilgari surdi

20-noyabr kuni Qonunchilik palatasi majlisida davlat rahbari bosh vazir lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini ko‘rsatdi. Prezident hukumat o‘z faoliyatini mutlaqo yangicha asosda tashkil etishi kerak, buning uchun unga kuchli rahbar, ya’ni, bosh vazir zarurligini, bu masalani atroflicha o‘ylab, O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini ko‘rsatishga qaror qilganini aytdi.

“Abdulla Aripov katta tashkilotchilik salohiyatiga ega bo‘lgan, ijro hokimiyati tizimida boy bilim va tajriba orttirgan, mas’uliyatni doimo chuqur his etadigan rahbar”, dedi davlat rahbari. 

Ushbu nomzod bugun hukumat oldiga qo‘yilgan, ko‘lami va miqyosi benihoya katta bo‘lgan muhim vazifalarni hal etishda Vazirlar Mahkamasi faoliyatini samarali tashkil qilishi, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlarini birlashtirib, yagona maqsad sari safarbar eta olishiga ishonch bildirdi.

Bosh vazirni tayinlash jarayoni

Qonunga ko‘ra, Bosh vazir lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etadi. Bosh vazir nomzodi uning uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining yarmidan ko‘pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda ma’qullangan hisoblanadi. Bosh vazir lavozimiga taqdim etilgan nomzod uch marta rad etilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni tayinlaydi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasini tarqatib yuborishga haqli. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a’zolari ularning nomzodlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi.

Abdulla Aripov haqida

Amaldagi O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov ilk bor 2016-yil dekabridagi prezident saylovlari ortidan O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisida hukumat rahbari etib tasdiqlangandi. Abdulla Aripov 2002-yildan 2012-yilga qadar Bosh vazir o‘rinbosari lavozimida axborot va telekommunikatsiya tizimiga rahbarlik qilgan. U O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligini boshqargan, ammo Gulnora Karimova va MTSga bog‘liq korrupsion tergovlar tufayli 2012-yilda ishdan chetlatilgan.

Ma’lumot uchun, bundan avval so‘nggi bor 2020-yilning 21-yanvar kuni Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodi tasdiqlangandi.