$
 12084.95
-51.97
 14182.90
-8.8
 159.31
-0.68
weather
+26
Кечаси   +14°

75% o‘lim darajasi: Nipah virusi O‘zbekistonga ham kelishi mumkinmi?

nipah

Hindistonning Kalkutta shahri yaqinida davosi yo‘q xavfli Nipah virusi tarqaldi. Virus hozircha besh nafar odamda aniqlangan bo‘lib, ulardan ikkitasining ahvoli og‘ir. Mutaxassislar ushbu kasallik yangi pandemiya keltirib chiqarishi mumkinligini aytishmoqda. 

Xo‘sh, Nipah o‘zi qanday virus? U qanday yuqadi va nimasi bilan xavfli? O‘zbekistonga ham kelishi mumkinmi?

Bu qanday virus?

Nipah — hayvonlardan odamga yuqadigan yangi virus turi hisoblanadi. Kasallik ba’zan alomatsiz o‘tadi, ba’zi hollarda esa og‘ir nafas yo‘llari infeksiyasi yoki o‘limga olib keluvchi miya yallig‘lanishini keltirib chiqaradi.

Virusning asosiy manbai meva bilan oziqlanadigan ko‘rshapalaklar bo‘lib, ular virusni odamlarga yoki boshqa hayvonlarga, masalan cho‘chqalarga yuqtirishi mumkin. Nipah virusi kasallangan hayvon yoki odamning so‘lagi, siydigi, najasi yoki qoni orqali tarqaladi. Shuningdek, zararlangan ovqat mahsulotlari orqali ham yuqishi mumkin.

Virus miya va markaziy asab tizimida keng tarqalgan maxsus retseptorlarga ta’sir qilgani sababli, bemorlarda asab tizimi bilan bog‘liq alomatlar ko‘p uchraydi. Kasallangan hayvon bilan yaqin aloqada bo‘lgan odamlar yoki uning biologik suyuqliklariga tegish orqali ham zararlanishi mumkin. Eng xavfli jihati virus odamdan odamga ham yuqishi ehtimoli mavjud.

Qachon aniqlangan?

Nipah virusi ilk bor 1999-yilda Malayziyada aniqlangan. O‘sha paytda Nipah daryosi atrofida yashovchi cho‘chqa fermalari ishchilari orasida kasallik tarqalgan edi. Shundan keyin Janubiy Osiyoda yana bir necha bor virus tarqalishi qayd etildi.

2018-yilda Hindistonning Kerala shtatida Nipah virusi sabab 17 kishi vafot etdi. 2021-yil sentyabr oyida ham shu hududda yana kasallik tarqalib, 12 yoshli bola hayotdan ko‘z yumdi, yana 11 kishida infeksiya alomatlari aniqlandi. 2023-yil sentyabr oyida Hindistonda yuz bergan navbatdagi holatda esa ikki kishi vafot etdi.

Alomatlari qanday?

Nipah virusini yuqtirgan odamlarda turli belgilar paydo bo‘lishi mumkin. Eng ko‘p uchraydigan alomatlar yo‘tal, nafas olishning qiyinlashishi, yuqori isitma va bosh og‘rig‘idir. Shuningdek, ich ketishi, qusish, mushak og‘rig‘i va kuchli holsizlik ham kuzatiladi.

Virus yuqqanidan keyin alomatlar bir necha kundan ikki haftagacha bo‘lgan vaqt ichida paydo bo‘lishi mumkin. Ba’zi hollarda esa kasallik belgilari 45 kungacha umuman sezilmasligi ham ehtimoldan xoli emas.

Asoratlar

Nipah virusi asosan nafas yo‘llari va o‘pkani zararlaydi. Ko‘p hollarda buyraklar va taloq ham zarar ko‘radi. Virus tanaga tarqalgan sari bir nechta a’zolar bir vaqtning o‘zida ishdan chiqishi mumkin.

Kasallik kuchaysa, asab tizimi bilan bog‘liq muammolar ham paydo bo‘ladi. Masalan, gapirish qiyinlashadi, tutqanoq xurujlari bo‘lishi, og‘ir nafas yetishmovchiligi va hatto koma holati kuzatilishi mumkin. Ayrim holatlarda virus miya yallig‘lanishiga olib kelib, o‘lim bilan yakunlanadi. Agar bemor omon qolsa ham, falajlik, ruhiy buzilishlar yoki xotira va fikrlash qobiliyatining pasayishi kabi asoratlar qolib ketishi mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, Nipah virusida o‘lim darajasi 40 foizdan 75 foizgacha yetadi. Bu ko‘rsatkich kasallikni erta aniqlash va mahalliy sog‘liqni saqlash tizimining imkoniyatlariga bog‘liq.

Davolash

Hozircha Nipah virusiga qarshi maxsus dori yoki vaksina mavjud emas. Shu sabab u juda xavfli hisoblanadi. Odamlar va hayvonlar uchun ham aniq davolash usuli yo‘q. Bemorlarga faqat alomatlarni yengillashtirishga qaratilgan davolash choralari ko‘riladi.

Virus O‘zbekistonga ham kelishi mumkin

Yaqinda Hindistonning G‘arbiy Bengaliya shtatida besh nafar odamda Nipah virusi aniqlanib, 100 ga yaqin kishi karantinga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, bemorlardan biri avval Hindiston va Bangladesh chegarasiga yaqin hududda bo‘lgan. Shu sabab mahalliy hokimiyat vaziyatni nazoratga olish va kasallik tarqalishining oldini olish uchun maxsus tezkor guruh tuzdi hamda ayrim mamlakatlarda Hindistondan kelayotgan yo‘lovchilar ustidan tibbiy nazorat kuchaytirildi.

Bu holat fonida O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi havo qatnovlarining so‘nggi yillarda kengaygani ham e’tiborni tortmoqda. Hozir Toshkentdan Dehli va Mumbay shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar mavjud bo‘lib, ayrim yo‘nalishlarda esa charter va mavsumiy parvozlar ham yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, “Centrum Air” aviakompaniyasi 2026-yil yozgi mavsumidan boshlab Toshkent–Haydarobod yo‘nalishida haftasiga ikki marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni boshlashni rejalashtirgan.

Shu bois mutaxassislar xalqaro qatnovlar ko‘payishi fonida Nipah virusi O‘zbekistonga ham kirib kelish ehtimolini inkor etmayapti. Biroq hozircha mas’ul idoralar ushbu virus haqida ham, unga qarshi qanday choralar ko‘rilayotgani borasida ham rasmiy ma’lumot bermadi.

Теги :
Jamiyat