$
 12670.05
37.83
 13560.75
82.17
 138.00
3.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Qarindoshlar nikohidan tug‘ilgan bolada irsiy kasallik xavfi 3-4 baravarga yuqori

Nikoh

Joriy yil 20-fevral kuni Mirziyoyev raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Oliy Majlis Senati hamda Qonunchilik palatasiga tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan birgalikda kelajak avlod salomatligiga salbiy ta’sir qiladigan qarindoshlikning barcha darajasidagi nikoh tuzishga yo‘l qo‘ymaslikni qonun bilan belgilash masalasini muhokama qilish va taklif kiritish vazifasi belgilangan edi.

Shu maqsadda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan “Qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh: sabab va oqibatlar” davra suhbati o’tkazdi. Buning natijasida yon shajara bo‘yicha yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzishni taqiqlash maqsadida Oila kodeksiga tegishli o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish belgilandi.

Irsiy kasallik qarindoshlar orasidagi nikoh oqibatida ko‘payadi

Mutaxassislarning aytishicha, bir-biriga begona bo‘lgan er-u xotinning tug‘ilajak bolasiga qaraganda qarindoshlar o‘rtasida tug‘ilajak bolada irsiy kasallik xavfi 3-4 baravar ko‘pligi va turli nuqsonlar kuzatiladi. Irsiy kasalliklar bolaning yoshligida bilinmay, yoshi o‘tavergach yuzaga chiqishi mumkin.

Ushbu muammo janubiy viloyatlarda ko‘proq

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda Respublika Ona va bola skrining markaziga murojaat qilgan bolalarning 796 tasida irsiy kasalliklar aniqlangan. Nerv-mushak tizimining irsiy kasalliklari aniqlangan 265 ta bolaning 88 tasi, ya’ni 33,3 foizi qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan tug‘ilgan bolalar ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Ushbu muammo ko‘proq Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida kuzatilmoqda.

Qonunda to‘g‘ri tutashgan qarindoshlik nikohi taqiqlangan

Oila kodeksiga ko‘ra, to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida nikoh tuzish taqiqlanadi. Bunga qo‘shimcha qilinib, endilikda yon shajara bo‘yicha yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh taqiqlanishi mumkin, tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Теги :
Жамият