$
 12142.10
-52.11
 14079.98
95.66
 150.53
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Tungi iqtisodiyot shahar hayotini qanday o‘zgartiradi? — xalqaro tajribalar

tungi iqtisodiyot; gastronomik ko

O‘zbekiston shaharlarida iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va urbanizatsiyaning yangi bosqichini yaratish uchun 24/7 rejimda ishlovchi ko‘chalarni rivojlantirish zarurati kun tartibiga qo‘yilgan. Strategik islohotlar agentligi tomonidan xorijiy tajribalar o‘rganilib, chet elda samarali ishlayotgan 24/7 ko‘chalarining tashkil etish mezonlari tahlil qilindi. Bu tashabbus Toshkent va boshqa yirik shaharlarda yangi iqtisodiy salohiyatni ochishga xizmat qilishi kutilmoqda.

24/7 ko‘chalardan maqsad nima?

24/7 ko‘chalar — bu tun-u kun savdo, ovqatlanish, ko‘ngilochar maskanlar va boshqa xizmatlar faoliyat yuritadigan hududlar bo‘lib, ular bir nechta shaklda tashkil etiladi:

 1. Klaster shakli: Bu turda ko‘ngilochar va turistlar uchun xizmatlar bir joyda to‘plangan bo‘ladi.

 • Misollar: Londonning Soho, Nyu-Yorkning “42” ko‘chasi, Tokioning Ebisu ko‘chasi.

 2. Simbiozis shakli: Faoliyatlar o‘zaro bog‘liq bo‘lib, bir sohaga qaratilgan.

 • Misollar: Melburnning Alfred sog‘lomlashtirish markazi atrofidagi xizmatlar, Pennsilvaniyadagi Universitet Park hududi.

 3. Aralash shakl: Har xil yo‘nalishdagi xizmatlar va savdo maskanlari bir hududda joylashgan.

 • Misollar: Parijning La Bourse hududi, Nyu-Yorkning Traybeka va Faynenshl ko‘chalari.

Vaqt rejimlari

Chet elda 24/7 ko‘chalar ikki xil vaqt rejimida faoliyat yuritadi:

 • Kengaytirilgan vaqt rejimi: Ob’ektlar 09:00–02:00 oralig‘ida faol bo‘ladi. Masalan, Tokioning Harajuku va Shibuya ko‘chalari.

 • Noodatiy vaqt rejimi: Mazkur rejimda ko‘chalar haftaning dam olish va bayram kunlari 24 soat faoliyat yuritadi. Masalan, Londonning Soho va Nyu-Yorkning Chayna Taun ko‘chalari.

24/7 ko‘chalarni tashkil etish uchun talablar

Xalqaro tajribaga ko‘ra, 24/7 ko‘chalarni tashkil etish uchun quyidagi mezonlarga rioya qilinadi:

 1. Minimal uzunlik: Ko‘chaning uzunligi kamida 800 metr bo‘lishi talab etiladi.

 2. Aholi zichligi va soni: Shahar aholisi kamida 1 mln bo‘lishi, aholining zichligi esa 5–10 ming kishi/km²ni tashkil qilishi kerak.

 • Misollar: Londonda — 5,6 ming kishi/km², Nyu-Yorkda — 11,3 ming kishi/km².

 3. Infratuzilma:

 • Jamoat transporti xizmatlari.

 • Telekommunikatsiya va xavfsizlik xizmatlari.

 • Chakana savdo, ovqatlanish, madaniy tadbirlar uchun qulayliklar.

O‘zbekistonda 24/7 ko‘chalarning salohiyati qanday?

Prezident qaroriga muvofiq yirik shaharlarda, viloyatlar va tumanlar markazlaridagi savdo va ko‘ngilochar ko‘chalarda barcha tadbirkorlik subyektlariga 24 soat mobaynida faoliyat yuritish huquqi berilgan. Hozirda Toshkentda Taras Shevchenko va Sultonali Mashhadi ko‘chalari gastronomik maskanlarga aylantirilib, ularning faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Buxoroda esa 53 ta ko‘cha 24/7 rejimda ishlashga moslashtirilmoqda.

Shuningdek, Strategik islohotlar agentligi tomonidan boshqa shaharlarning 24/7 ko‘chalarini rivojlantirish imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Xususan, Yakkasaroy, Shayxontohur va Chilonzor tumanlarida yangi gastronomik va savdo hududlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

24/7 ko‘chalari O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish, iqtisodiyotga qo‘shimcha daromad olib kirish va shahar aholisining tungi hayotini jonlantirish uchun katta salohiyatga ega. Biroq bu hududlarni tashkil etish uchun xalqaro mezonlardan kelib chiqib, aniq qoidalar ishlab chiqish va zarur infratuzilmani yaratish zarur.

Strategik islohotlar agentligi takliflari

Agentlik tungi vaqtda ishlashning yagona standartlarini ishlab chiqish, IIV uni nazorat qiluvchi alohida organ tuzish, SSP va RTV vakillari esa buning uchun ixtisoslashtirilgan hududlar ajratishni taklif qilmoqda.

Xususan,

 • 24/7 ko‘chalarni tashkil etish mezonlarini belgilash va Vazirlar Mahkamasining qarorini qabul qilish;

 • 24/7 ko‘chalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish uchun manzilli dastur ishlab chiqish kerak.

Теги :
Jamiyat