$
 12019.27
32.97
 13984.42
46.75
 165.65
2.04
weather
+26
Кечаси   +14°

Xorijiy prodyuserlar Oʻzbekistonda kino olsa, davlat xarajatlarning 25 foizini qoplab bermoqchi

Film in Cannes

79-Kann xalqaro kinofestivali doirasida o‘tkazilgan Marché du Film kino bozorida O‘zbekiston to‘rtinchi yil ketma-ket milliy pavilyonini ochdi. Turizm qo‘mitasi ko‘magida tashkil etilgan pavilyonda ikkita yangi dastur e’lon qilindi.

Birinchisi — 25 foizlik Rebate dasturi. Ya‘ni xorijiy kino guruhi O‘zbekistonda film suratga olsa, sarflagan xarajatlarining chorak qismini davlat qaytarib beradi.

Ikkinchisi — Global Country Placement dasturi: O‘zbekiston xalqaro filmlarga sarmoya kiritib, o‘z tabiati va shaharlarini ekranda ko‘rsatadi. Har ikkisi ham Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi marta joriy qilinmoqda.

Rebeyt tizimi: Oʻzbekiston taklifi qanchalik jozibali?

Xalqaro amaliyotda “kinorebeyt” — bu xorijlik prodyuserlarni mamlakatga jalb qilishning eng sinalgan usuli. Agar chet el kompaniyasi Oʻzbekistonda film suratga olib, mahalliy mehmonxonalar, transport va ishchi kuchiga mablagʻ sarflasa, davlat unga xarajatlarining 25 foizini qaytarib beradi.

Jahon bozorida bu raqamlar quyidagicha:

— Germaniya va AQSHning ayrim shtatlari — 30%;

— Ozarbayjon — 40%;

 — Saudiya Arabistoni (bu yilgi kinobozorda) — 50% dan 60%.

Shu fonda Oʻzbekistonning 25 foizlik taklifi juda katta moliyaviy ustunlik bermasa-da, bizdagi nisbatan arzon xizmat koʻrsatish bozori va betakror tabiiy lokatsiyalar hisobiga muvozanatni ushlab turishi mumkin.

Oʻzbekistonda film olishga qiziqish

Kanndagi Oʻzbekiston milliy pavilyoniga 100 dan ortiq prodakshn vakillari tashrif buyurishdi va bir nechta dastlabki loyihalar boʻyicha rejalar ochiqlandi:

 1. Amazon Prime uchun hujjatli film: Italiyalik ijodkorlar Alessandro Beltrame va Alessiya Valenti 2027-yilda Osiyodagi eng chuqur gʻorlardan biri boʻlgan Boybuloqda (Surxondaryo) Iskandar Zulqarnayn devori siri haqida film suratga olish istagini bildirishgan. Toʻliq hujjatli boʻladigan bu loyiha uchun Oʻzbekiston Milliy kinokomissiyasining amaliy yordami zarur.

 2. Fransiya va Buyuk Britaniya loyihalari: Fransuz rejissyori Kventin Klosan oʻz filmi uchun Surxondaryo lokatsiyalarini koʻzda tutayotgan boʻlsa, britaniyalik prodyuser Tristan Loreyn aviatsiya mavzusidagi loyihasini taklif qildi. 

 3. Netflix va HBO mahalliy prodyuseri: Yaponiyalik taniqli prodyuser Yusuke Kamata ham Oʻzbekiston imkoniyatlarini oʻrganib chiqishini va kelgusi xalqaro loyihalarida hisobga olishini qayd etdi.

Kinoturizm effekt beradimi?

Tarixda kino orqali turizmni portlatishning muvaffaqiyatli misollari koʻp. Jahon tajribasida Meksika “Spectre” (Jeyms Bond) filmiga 14 million dollar ajratib, Mexiko shahrini dunyoga tanitgan boʻlsa, Yangi Zelandiya “Uzuklar hukmdori” trilogiyasidan soʻng yillar davomida kino-turistlar oqimidan milliardlab daromad koʻrdi. Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi ham mamlakatning tabiiy va tarixiy go‘zalligini katta ekranlar orqali namoyish etib, dunyo sayyohlarini jalb qilishni maqsad qilgan.