$
 12948.10
17.99
 13502.28
111.86
 121.01
0.07
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2025-yil 7-yanvar voqealari

Qora 7-yanvar

Navoiy viloyatida 3,6 magnitudali zilzila kuzatildi

FVV Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida mahalliy vaqt bilan 06.01.2025 20:25 da (06.01.2025-yil, Grinvich bo‘yicha 15:25 da) zilzila sodir bo‘ldi.

Epitsentr: Navoiy viloyati, Tomdi tumani. Zilzila koordinatalari: 41,92 gradus shimoliy kenglik; 65,08 gradus sharqiy uzunlik. Magnituda M=3,6. Chuqurlik 10 km.

Zilzila epitsentri Toshkentdan 352 km shimoliy-g‘arbda.

FVV qutqaruvchilari tomonidan Jizzaxda kir mashina ichida qisilib qolgan bola qutqarildi

Kecha, 6-yanvar kuni soat 18:40 da Jizzax shahri, Ittifoq mahallasidagi ko‘p qavatli uylarning birida bola ehtiyotsizlik oqibatida kir mashinaning quritish qismida qisilib qolganligi to‘g‘risida FVBga xabar tushgan.

Zudlik bilan FVB qutqaruvchilari aytilgan manzilga yetib borib, qutqaruv anjomlari yordamida bolakay sog‘-salomat chiqarib olinib, ota-onasiga topshirilgan. Hozirda uning ahvoli yaxshi, deyiladi FVV xabarida.

Qanot Sharq aviakompaniyasi 20 dan ortiq reysini bekor qildi

Qanot Sharq aviakompaniyasi 20-yanvardan 6-martgacha Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiriladigan parvozlar qisqarishi haqida e’lon qildi.

Ular orasida bitta ichki reys bor, qolganlari O‘zbekiston shaharlaridan Moskva va Sankt-Peterburgga hamda teskari yo‘nalishdagi reyslardir.

Ta’kidlanishicha, holat C-Check darajasidagi samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq. Xizmatning ushbu shakli har 15−24 oyda yoki 7500 parvoz soatida amalga oshiriladi. Bunday tekshiruvni o‘tkazish uchun samolyotni bir muncha vaqt foydalanishdan chiqarish kerak bo‘ladi.

Farzandini maktabga yubormagan ayol jazolandi

Qonunchilikka ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik 375 ming so‘mdan 1 mln. 875 ming so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Andijon viloyati Baliqchi tumanida ham ayol o‘z farzandini maktabga yubormasdan uy yumushlarini qildirgani uchun hudud profilaktika inspektori tomonidan jarimaga tortilgan. Farzandi taʼlimiga befarq ona maʼmuriy jarimani ham o‘z vaqtida to‘lamagan.

Byuro xodimlari tomonidan berilgan ogohlantirishdan so‘ng, ayol farzandini maktabga yubormaganligi uchun qo‘llanilgan 375 000 so‘m jarimani to‘ladi.

Qoraqalpog‘istonda qaynota tez yordam xodimlarini kaltakladi

Ijtimoiy tarmoqlarda tez tibbiy yordam xodimlari kaltaklangani aks etgan videolar tarqaldi. Holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, Amudaryo tumani Tez tibbiy yordam boshqarmasiga soat 19:40 “Qilichboy” MFYda yashovchi 1997-yilda tug‘ilgan K.R. ismli fuqaro bo‘yicha chaqiruv kelib tushgan. Chaqiruvga asosan shifokor S.P., feldsher B.J. va haydovchi M.H. 8 daqiqa 30 soniyada, ya’ni soat 19:48 da manzilga yetib borgan.

Xodimlar bemorni tekshiruvdan o‘tkazib, unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatgan. Shu vaqtda bemor qaynotasiga xonadan chiqib turishni iltimos qilganida, uning qaynotasi mast holatda bo‘lib, xonadan agressiv holatda chiqib ketgan.

Xodimlar bemorga kerakli yordamni ko‘rsatib tashqariga chiqayotgan paytda bemorning qaynotasi shifokor va feldsherga hujum qilib, ularning yuzi va bo‘yniga yengil tan jarohati yetkazgan. Shuningdek, ularni tahqirlab, haqoratli so‘zlarni aytgan.

Mazkur holatni sodir etgan qaynota IIB xodimlari tomonidan olib ketilgan.

Iste’molga yaroqsiz alkogol mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bulung‘ur tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “B.l.” xususiy korxonasiga qarashli savdo do‘konida korxona rahbari A.X. xaridorga 2 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotini sotgan vaqtida ushlanib, ushbu do‘konda savdoga qo‘yilgan tegishli hujjatlari bo‘lmagan umumiy bahosi 895,1 mln. so‘mlik turli nomdagi jami 33 864 dona iste’molga yaroqsiz alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shu kabi, Departamentning Yangiyo‘l tumani bo‘limi hamda alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro B.R. “Turkiston” MFY hududidagi xonadonda umumiy bahosi 73,3 mln. so‘mlik 10 turdagi jami 756 dona aqsiz markasiz alkogol mahsulotlarini o‘tkazish maqsadida saqlab kelinayotganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Теги :
Jamiyat