$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2025-yil 6-yanvar voqealari

Qora 6-yanvar

Andijonda do‘konga o‘t ketdi

Kecha, 5-yanvar kuni Andijon viloyatining Shahrixon tumanidagi savdo do‘konida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, soat 22:57 da “Shahrixon” MFY Amir Temur ko‘chasida joylashgan maishiy savdo do‘konida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida FVBga xabar kelib tushgan. Soat 23:00 da aytilgan manzilga yong‘in-qutqaruv ekipajlari yetib borgan va soat 23:45 da yong‘in batamom o‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida savdo do‘konining 300 m.kv maydonida shift, tom qismi va maishiy jihozlar yonib zararlangan. Fuqarolar tan jarohati olmagan. Yong‘in sodir bo‘lish omillari va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Toshkentda fuqaro ehtiyotsizligi sabab 10 metrlik chuqurga tushib ketdi

Joriy yilning 5-yanvar kuni soat 13:58 da Toshkent shahar Yashnobod tumani Boyqo‘rg‘on mahallasi Sultonali Mashhadiy ko‘chasidagi uylarning birida fuqaro o‘z ehtiyotsizligi oqibatida hojatxona uchun qazilgan 10 metrlik chuqurlikka tushib ketgan. Bu haqda FVV Matbuot xizmati xabar qildi.

FVV qutqaruvchilari zudlik bilan aytilgan manzilga yetib borib, qutqaruv anjomlari yordamida fuqaroni chuqurlikdan chiqarib olgan va birinchi yordam ko‘rsatgan.

Shundan so‘ng fuqaroga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Andijondagi xonadonda sodir bo‘lgan gaz chaqnashi oqibatida bir kishi vafot etdi

Andijon viloyati Marhamat tumanidagi xonadonda 3-yanvar kuni gaz chaqnadi, oqibatda bir kishi vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, soat 03:00 atrofida Shomat mahallasi Ipak yo‘li ko‘chasida yashovchi fuqaro X.Shokirov xonadonining yotoqxona qismida qo‘lbola usulda qurilgan isitish pechini yoqmoqchi bo‘lib, gugurt chaqqan vaqtida xonaga to‘plangan tabiiy gaz va havo aralashmasidan chaqnash yuz bergan.

Oqibatda ushbu xonada bo‘lgan X.Shokirov tanasining 90 foizi, turmush o‘rtog‘i L.Shokirova tanasining 35−40 foizi, o‘g‘li J.Xamzayev tanasining 20−30 foizi, qizi X.Xamzayeva tanasining 70 foizi qismi kuyish tashxisi bilan tuman SHTTYOBga yotqizilgan.

Hozirda jabrlanuvchilardan X.Shokirov va uning o‘g‘li J.Xamzayevlar tuman SHTTYObda davolanayotgan bo‘lsa, L.Shokirova Andijon shahrida joylashgan RSHTTYOIAMda davolanmoqda va jabrlanganlardan voyaga yetmagan X.Xamzayeva olib borilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan 4-yanvar kuni vafot etgan.

Noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yakkasaroy tumani bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda qonunga xilof ravishda dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan M.U. o‘tkazish maqsadida boshqa shaxslardan olib kelgan sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 300 quti (jami 1 500 dona) “Ferrozal” nomli dori vositasini fuqaro T.A.ga 21 mln. so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, uning avtomashinasidan yana 4 quti dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Теги :
Jamiyat