Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 96 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +14° kechasi +9°

“Qora dayjest”: 2025-yil 19-yanvar voqealari

Uzbekistan Airways samolyotida texnik nosozlik kuzatildi, yo‘l o‘rtasidagi ustunga to‘qnashgan Lacetti yo‘lovchisi jarohatlandi, odam savdosi jinoyatini sodir etgan o‘zbekistonlik Turkiyada qo‘lga olindi, Samarqanddagi YTHda ikki kishi halok bo‘ldi — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.

2 daqiqa o‘qiladi

“Qora dayjest”: 2025-yil 19-yanvar voqealari

Uzbekistan Airways samolyotida texnik nosozlik kuzatildi

Uzbekistan Airways matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, 18-yanvar kuni Jidda – Toshkent yo‘nalishidagi HY336 reysi samolyotida texnik nosozlik sababli kechiktirildi. Mutaxassislar samolyotni tiklash ustida ish olib bormoqda. Yangilangan parvoz jadvali keyinroq e’lon qilinadi.

Shuningdek, yuqorida ko‘rsatilgan kechikish sababli faqatgina 2025-yil 19-yanvar kuni HY333/334 reyslari quyidagi jadval bo‘yicha amalga oshiriladi:

HY333: Toshkentdan jo‘nash – 11:30, Dubayga yetib borish – 14:05;

HY334: Dubaydan jo‘nash – 15:30, Toshkentga yetib borish – 19:40.

18-yanvar kuni amalga oshirilishi kerak bo‘lgan Istanbul – Farg‘ona yo‘nalishidagi HY278 reysi ham kechiktirildi. Tekshiruvlardan so‘ng yangilangan jadval e’lon qilinadi.

Toshkentda yo‘l o‘rtasidagi ustunga to‘qnashgan Lacetti yo‘lovchisi jarohatlandi

Joriy yilning 19-yanvar kuni soat 01:00 larda Yunusobod tumani Amir Temur ko‘chasi 51-uy qarshisida, haydovchi 2003-yilda tug‘ilgan M.A. Lacetti rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotib, rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l o‘rtasidagi ustunga to’qnashishi oqibatida yo‘l transport hodisasi sodir bo’lgan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB YHXB Axborot xizmati xabar qilmoqda.

YTH natijasida, avtomashina yo’lovchisiga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Odam savdosi jinoyatini sodir etgan o‘zbekistonlik Turkiyada qo‘lga olindi

O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Ichki ishlar vazirligi hamkorligida odam savdosi jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvda bo‘lgan, 1990-y.t., S.O‘. Toshkent shahriga deportatsiya qilindi. Bu haqda Istanbuldagi mamlakat Bosh Konsulxonasi yozmoqda.

“Mazkur fuqaro vatandoshimizni chet elda qonunga xilof ravishda ularning hujjatlarini olib qo‘ygan va shahvoniy maqsadlarda sotib yuborgan”, – deyiladi xabarda.

Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yoxud ichki ishlar organlarining quyi hududiy bo‘linmalariga murojaat qilish so‘raladi.

Samarqanddagi YTHda ikki kishi halok bo‘ldi

Samarqand viloyati Payariq tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki kishi hayotdan ko‘z yumgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, hodisa 15-yanvar kuni sodir bo‘lgan. Payariq tumanidagi ichki yo‘llarning birida harakatlanayotgan “Jiguli” mashinasi haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, YTH sodir etgan.

Oqibatda haydovchi va mashina yo‘lovchisi og‘ir tan jarohatlari olib halok bo‘lgan.

Qayd etilishicha, YTH sodir bo‘lgan mahallada viloyat IIB YHXB boshlig‘i ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazilgan.