$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2025-yil 16-yanvar voqealari

Qora 16-yanvar

 Buxorodan Moskvaga uchayotgan Uzbekistan Airways samolyotida dvigatel ishlamay qoldi

Buxoro–Moskva yoʻnalishida uchayotgan A-320 Uzbekistan Airways samolyotida dvigatellardan biri ishlamay qoldi.

Ekipaj komandiri qoʻnish uchun ustuvorlikni soʻradi, Vnukovo aerodromida “koʻk” (parvozdagi aviatsiya hodisasi) kodi boʻyicha trevoga eʼlon qilindi.

Qoʻnish muvaffaqiyatli amalga oshirildi, bortda 132 yoʻlovchi bor edi. Flightradar xizmati maʼlumotlariga koʻra, parvoz Moskva vaqti bilan soat 7:43 da Vnukovoga eson-omon qoʻndi.

Qizil kitobga kiritilgan 700 dan ortiq hayvon shoxlarini olib ketayotgan shaxslar qoʻlga olindi

Toshkent viloyati “Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona posti orqali yurtimizga kirib kelgan fuqaro boshqaruvidagi yengil avtotransport vositasi bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

Koʻrik natijasida avtoulovning yuk xonasida yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida yozib koʻrsatilmagan va ogʻzaki soʻrovda maʼlum qilinmagan 600 dona hayvon shoxlari borligi aniqlandi.

Boshqa bir holatda, ushbu chegara bojxona postiga piyoda holda kirib kelgan fuqaro oʻziga tegishli boʻlgan qoʻl yuklari bojxona koʻrigidan oʻtkazilganida, 2 dona qopda ogʻzaki soʻrovda maʼlum qilinmagan hamda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida yozib koʻrsatilmagan 117 dona shoxlar borligi fosh etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti ekspertiza xulosasiga koʻra aniqlangan shoxlar bugʻu turiga mansubligi maʼlum boʻldi. Hozirda ushbu holat yuzasidan dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Qashqadaryoda kanalizatsiyada qolib ketgan 2 fuqaro qutqarildi

15-yanvar kuni ertalab Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida qutqaruvchilar kanalizatsiyadan chiqolmayotgan 2 nafar fuqaroni qutqardi, deb xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Tutzor mahallasi hududidagi yo‘l yoqasida joylashgan kanalizatsiya qudug‘iga “Suv Oqova” MCHJning 2 nafar xodimi tozalash maqsadida tushgan. Ular quduqdan qaytib chiqa olmagan va FVBga xabar berilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, chuqurligi 3 metr, diametr 1 metr bo‘lgan quduqning suv o‘tish yo‘liga tiqilib qolgan chiqindilarni tozalash maqsadida 1 nafar ishchi tushgan va suv ko‘payib ketib, suv yutishi oqibatida tobi qochgan hamda chiqa olmay qolgan. Unga yordam berish maqsadida tushgan sherigi ham kanalizatsiyada qolib ketgan.

Qutqaruvchilar maxsus qutqaruv asbob-anjomlari yordamida fuqarolarni qutqarib, malakali tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida shifoxonaga yuborgan. Hozirda ular shifokorlar nazoratida bo‘lib turibdi.

Toshkent viloyatidagi dorixonada bosqinchilik sodir etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda bir shaxs dorixonaga pichoq ko‘tarib kirib, sotuvchidan pul talab qilgani aks etgan videolavha tarqaldi. “Millar” informatsion dasturida ma’lum qilinishicha, holat Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi dorixonalardan birida sodir bo‘lgan.

Qayd etilishicha, voqea 13 yanvar kuni soat taxminan 23:05lar atrofida sodir etilgan.  

“Har kunlik ish faoliyatimni olib borayotgandim. Soat 23:00da dorixonani yopib, kassaning oldiga kelganimda notanish shaxs dorixonaga bostirib kirdi. So‘ngra qarshilik qilishimga qaramasdan pichoq bilan tahdid qilib, kassadan taxminan 700 ming so‘m atrofidagi pulni olib ketdi”, – degan dorixona sotuvchisi.

Shundan so‘ng sotuvchi “102”ga qo‘ng‘iroq qilgan va voqea joyiga tezkor xodimlar yetib borishgan. Holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida gumonlanuvchi, 1993 yilda tug‘ilgan shaxs shu kunning o‘zida aniqlanib, protsessual tartibda qo‘lga olingan. 

Yigit o‘sha vaqtda spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lganini, nima ish qilib qo‘yganini bilmay qolganini bildirgan.

Toshkentda avtobusda o‘quvchi qizni o‘pmoqchi bo‘lgan konduktor qamoqqa olindi

Toshkentda voyaga yetmagan yo‘lovchiga tegajog‘lik qilgan konduktor hibsga olindi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining qarorida ma’lum qilingan.

Xabar berilishicha, 43 yoshli konduktor avtobusda uyiga qaytayotgan 2012-yilda tug‘ilgan maktab o‘quvchi qizga nisbatan jinsiy xarakterdagi harakatlarni sodir etgan. U qizga turli savollar bergan, yuziga tegingan va boshidan o‘pishga uringan.

Sud majlisida erkak qilmishidan pushaymon ekanligini bildirdi. U bunday holat boshqa takrorlanmasligini aytdi.

Sudning qaroriga ko‘ra, fuqaro T.B. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-1-moddasi 1-qismi (Jinsiy ta’qib qilish) bilan nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topildi va unga 5 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

40 ming dollarga AQSHga ishga yuborishni va’da qilgan firibgar ushlandi

 

Chilonzorda fuqaro N.M. fuqaro B.G.ning ishonchiga kirib, unga go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga borishi uchun viza olib berib, u yerda ish bilan ta’minlashi evaziga 40 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Теги :
Jamiyat