“Qora dayjest”: 2024-yil 4-avgust voqealari
Professional sportchilik faoliyatini yakunlagan Gulnoza Matniyazova, o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan firibgarlar, tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan shaxslar, Farg‘onada fuqarolarni aldagan “treyder” — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Gulnoza Matniyazova professional sportchilik faoliyatini yakunladi
Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlaridan soʻng mahoratli dzyudochi Gulnoza Matniyazova professional sportchilik faoliyatini rasman yakunlaganini eʼlon qildi. Bir necha kundan soʻng 30 yoshni qarshi oladigan sportchi Rio-2016, Tokio-2020 va Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari, 3 ta Osiyo oʻyinlari, jahon chempionatlari, “Katta dubulgʻa” va Gran-pri musobaqalarida Oʻzbekiston sharafini munosib himoya qildi.
Kecha Olimpiya oʻyinlari doirasida aralash jamoaviy dasturda 3 ta terma jamoa vakillariga qarshi bahsda barcha bellashuvlarda gʻalaba qozondi va sportchilik faoliyatini yuqori notada yakunladi. Uning xizmatlari mamlakat tomonidan munosib eʼtirof etilib, 2021-yil “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Nukus davlat pedogogika institutiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi va Hazorasp tumani bo‘limi tomonidan IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar G.X. va Ch.R. fuqaro X.B.ni tanishlari yordamida Nukus davlat pedogogika institutining maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 2 750 AQSH dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Toshkentda 2,6 mlrd. soʻmlik 1,4 mln. kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlandi
Uchtepa tumanidagi “P.A.G.” MCHJ rahbari A.T. va boshqalar jamiyatga qarashli AGTKSHda o‘rnatilgan hisobga olish uskunasining qurilmalariga tashqi ta’sir ko‘rsatib, 2,6 mlrd. so‘mlik 1,4 mln. kub metr tabiiy gazni talon-toroj qilishgan.
Mazkur holat yuzasidan “P.A.G.” MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan JKning 169-moddasi, 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxslar prosessual tartibda ushlangan.
Farg‘onada fuqarolarni aldagan “treyder” ushlandi
Qayd etilishicha, gumonlanuvchi Farg‘ona viloyati fuqarosi A.A. jabrlanuvchi M.O. bilan Telegram orqali tanishgan. U jabrlanuvchiga o‘zini “treyder” deb tanishtirib, oz fursatda pullarini ko‘paytirib berishini aytgan. Jinoyatchi aldov yo‘li bilan M.O.dan 1 million pul mablag‘larini o‘tkazib olgan va va’dasini bajarmasdan pullarini o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.



