“Qora dayjest”: 2024-yil 20-avgust voqealari
Namanganda zilzila, fuqarolarni chet elga yuborishni va'da qilgan firibgar, Chorsu bozorida iste'molga yaroqsiz mahsulotlar, magistratura uchun soxta sertifikatlar — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda 3 magnitudali zilzila kuzatildi
FVV Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida mahalliy vaqt bilan 20.08.2024 16:01 da (20.08.2024 yil, Grinvich bo‘yicha 11:01 da) zilzila sodir bo‘ldi.
Epitsentr: Namangan viloyati, Uychi tumani. Zilzila koordinatalari: 40,96 gradus shimoliy kenglik; 71,8 gradus sharqiy uzunlik. Magnituda M=3. Chuqurlik 9 km.
Zilzila epitsentri Toshkentdan 219 km janubiy-sharqda.
Fuqarolarni chet elga yuborishni va'da qilgan shaxs ushlandi
Nurobod tumanida Angliya davlatiga ishga yuborishni vaʼda qilgan firibgar ushlandi. Bu haqda Prokuratura Departmenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Nurobod tuman boʻlimi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro E.X. goʻyoki Angliya davlatidagi firmada ishlovchi tanishlari yordamida 5 nafar fuqaroni ushbu davlatga ishga yuborishini vaʼda qilib, ularning jami 10 400 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritilganligi aniqlangan.
Chorsu bozorida isteʼmolga yaroqsiz mahsulotlar aniqlandi
Chorsu bozorida 95 kg isteʼmolga yaroqsiz mahsulotlar aniqlandi.
Chorsu bozoridagi 95 kg isteʼmolga yaroqsiz mahsulotlar savdodan olindi. Bu haqda Sanepidqoʻmita Toshkent shahar boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Eski Juva dehqon bozorining Markaziy gumbazidagi goʻsht, tovuq, sut va tuzlama rastalari atrofida katta tozalash, zararsizlantirish va obodonlashtirish ishlari tashkillashtirilgan. Muzlatkich va sovutkichlar tozalattirilib tartibga keltirilgan.
Shuningdek, nazorar tadbirlari natijasida sifati kafolatlanmagan, isteʼmolga yaroqsiz mahsulotlar aniqlangan:
- 600 dona tuxum;
- 45 kg poliz mahsulotlari;
- 18 kg xamir mahsuloti;
- 4 litr konserva mahsuloti;
- 10 litr sut;
- 7 kg suzma;
- 6 kg tvorog;
- 5 kg qurt oziq-ovqat mahsulotlari oʻrnatilgan tartibda savdodan olinib brakeraj qilindi.
Magistratura mandati kechiktirildi
Bloger Xushnudbek magistratura javobi bugun chiqmasligini ma'lum qildi.
“Bugun chiqmaydi. Umuman olganda magistraturaga oʻqishga kirish boʻyicha yakuniy javob yaqin kunlarda chiqishi kutilmayapti, kamida yana 1 haftalar kutilsa kerak.
Sababi hozirda talabgorlar tomonidan topshirilgan xorijiy tilni bilishni tasdiqlovchi sertifikatlar tekshirilmoqda. Afsuski, orasida soxtalari ham bor. Shuning uchun har bir sertifikat asosi rasmiy hujjatlar orqali tekshirilmoqda”, deydi bloger.
Taʼkidlanishicha, eng koʻp vaqt Oʻzbekistonda emas, xorijda olingan sertifikatlarni tekshirish jarayoniga ketmoqda.



