$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 2-avgust voqealari

Qora 2-avgust

Jizzaxda oilaviy bog‘cha tarbiyalanuvchilari ovqatdan zaharlandi

Jizzax viloyati Paxtakor tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga tumanning Suvonobod mahallasidagi oilaviy bog‘cha tarbiyalanuvchilaridan 10 nafarga yaqini ovqatdan zaharlanish tashxisi bilan yotqizildi.

Manbaning tasdiqlashicha, hozirda shifoxonaga tuman sektorlari rahbarlari yetib kelgan.

Bolalarning uy sharoitida tayyorlangan pishiriqdan zaharlangani aytilmoqda.

Toshkent viloyatida 17 yoshli yigit kanalda cho‘kib ketdi

O‘smir 2007-yil 3-avgust kuni Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Holat esa Chirchiq shahridagi kanalda yuz bergan.

Toshkent viloyati FVB Axborot xizmati rahbari Rustam Alimovning ma’lum qilishicha, hozirda viloyat FVBning g‘avvos qutqaruvchilari tomonidan qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqib, suvda qidiruv-qutqaruv ishlariga qo‘shimcha kuch sifatida FVVning respublika qutqaruv markazi tomonidan ham g‘avvos qutqaruvchilari jalb qilingan.

Fuqaroga tarsaki tushirgan Chiroqchi tumani hokimi intizomiy jazoga tortildi

Fuqaroga tarsaki tushirgan Chiroqchi tumani hokimi Fayzulla Yusupov intizomiy jazoga tortildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati rahbari Ahror Sodiqov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ushbu masala viloyat hokimligi apparat yig‘ilishida keskin muhokama qilingan. Tuman hokimi F.Yusupov shu va ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan boshqa kamchiliklari uchun intizomiy jazoga tortilgan.

“Tuman hokimi har bir fuqaro bilan xushmuomala va hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, muloqot chog‘ida odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya qilishi uqtirildi va kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ygan taqdirda tegishli javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida qat’iy ogohlantirildi”, deyiladi munosabatda.

Qirg‘izistonda Interpol qidiruvida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi

26-iyul kuni xavfsizlik xizmati xodimlari 32 yoshli S.I.ni ushlagan. U o‘ta xavfli jinoyatchilar ro‘yxatida bo‘lgan va Interpol qidiruviga berilgan.

Maxsus xizmatlar ma’lumotlariga ko‘ra, S.I. sheriklari bilan soxta bojxona yuk deklaratsiyasini tayyorlab, O‘zbekiston davlat budjetiga 12 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazgan.

Qirg‘izistonning Botken tuman sudi qarori bilan qo‘lga olingan shaxs tergov izolyatoriga joylashtirilgan. Hozir tergov harakatlari davom etmoqda.

Теги :
Jamiyat