$
 12741.02
-16.92
 14062.26
-63.33
 134.38
-0.68
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 6-iyul voqealari

Qora 6-iyul

Qo‘qonda 6 yoshli bolani mashina yukxonasiga solgan shaxsga hukm o‘qildi

Qo‘qonda 6 yoshli bolani o‘ziga tegishli Nexia mashinasi yukxonasiga solib, mashinani harakatlantirgan shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Sud hukmida keltirilishicha, 37 yoshli A.M. 2024-yil 14-may kuni soat 19:30 larda Qo‘qon shahri, Parpashabof mahallasi, Obod yurt ko‘chasi 21-uy oldida 2018-yilda tug‘ilgan qo‘shni bolakay unga tosh otganligidan jahli chiqib, uni Nexia mashinasi yukxonasiga solib qo‘ygan. U ushbu harakati bilan bolani g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining 2024-yil 12-iyundagi hukmi bilan A.M. Jinoyat kodeksining 138-moddasi 1-qismida (birovni zo‘rlik ishlatib, g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. 2024-yil 17-maydan 12-iyunga qadar qamoqda o‘tirgan har bir kuni axloq tuzatish ishlari jazosining 3 kuniga tenglashtirib, tayinlangan jazodan 78 kunni chegirib tashlangan hamda o‘tash uchun 1 yil 9 oy 12 kun axloq tuzatish ishlari jazosi qoldirilgan.

Toshkent xalqaro aeroporti hududida yong‘in sodir bo‘ldi

Bugun soat 11:20 da Toshkent xalqaro aeroporti uchib ketish terminali oldi hududidagi “Terminal” kafesida yong‘in chiqqan.

Voqea joyiga zudlik bilan o‘t o‘chirish bo‘limlari yetib kelgan. Yong‘in soat 11:47 da o‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida 5 kv.m maydonga zarar yetgan. Jabrlanganlar yo‘q. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga oshxonadagi kichik yong‘in sabab bo‘lgan.

Xabarga ko‘ra, Toshkent xalqaro aeroporti odatiy tartibda ishlamoqda.

Ayrim hududlarda sel-suv toshqinlari xavfi kutilmoqda

O‘zgidromet “Tezkor gidrometeorologik axborot”ni e’lon qildi. Unga ko‘ra, ayrim hududlarda sel-suv toshqinlari xavfi kutilmoqda.

Joriy yilning 7-9-iyul kunlari kutilayotgan yomg‘irlar yog‘ishi sababli, respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida, jumladan:

Toshkent viloyati: Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;

Namangan viloyati: Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;

Farg‘ona viloyati: So‘x, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida, Shohimardonda;

Andijon viloyati: Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonobod shahrida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li xududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish so‘ralgan.

Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi hududi bo‘yicha yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli bor, bu hududlarning suv bosishiga olib kelishi mumkin, deyiladi axborotda.

Toshkentda yana bir “zamonaviy o‘g‘irlik” jinoyati fosh etildi

Toshkent shahrida yashovchi 61 yoshli fuqaro S.M. ariza bilan murojaat qilib, “noma’lum shaxs” uning bank kartasidan 1.515.000 so‘m pullarini yashirin ravishda o‘zlashtirganligini ma’lum qilib, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan. 

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Surxondaryo viloyatida yashovchi 27 yoshli fuqaro M.A. sodir etganligi aniqlanib, qo‘lga olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, M.A. soxta havola yaratib, uni “onlayn kredit” yoki “moddiy yordam olish uchun bu manzilga bank karta ma’lumotingizni kiriting” mazmunidagi soxta reklamalar bilan, turli kanal va guruhlarda tarqatib, bank karta boshqaruvini berib qo‘ygan fuqarolarning pullarini yashirin ravishda talon-toroj qilib kelgan.           

Mazkur holat yuzasidan M.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Теги :
Жамият