“Qora dayjest”: 2024-yil 4-iyul voqealari
O‘zbekistondan Qirg‘izistonga noqonuniy o‘tmoqchi bo‘lgan 11 nafar bangladeshlik, Sergelida tunda janjal sodir bo‘ldi, fotoradar o‘rnatilgan Cobalt YTHga uchradi, Tojikistondagi YTHda uch nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondan Qirg‘izistonga noqonuniy o‘tmoqchi bo‘lgan 11 nafar bangladeshlik qo‘lga olindi
O‘zbekiston orqali Qirg‘izistonga noqonuniy o‘tmoqchi bo‘lgan 11 nafar bangladeshlik qo‘lga olindi. Bu haqda mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 25-iyun kuni Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati ichki ishlar boshqarmasi va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmati xodimlari tomonidan O‘zbekistondan Qirg‘izistonga noqonuniy ravishda kirmoqchi bo‘lgan Bangladesh fuqarolari qo‘lga olingan.
Bildirilishicha, 8 iyun kuni Bangladesh fuqarolari O‘zbekistonga ish izlab kelgan, biroq topa olmagan. Shundan so‘ng, ular chegara punktlarini chetlab o‘tib, Qirg‘iziston Respublikasiga o‘tishga qaror qilgan. Shu bilan birga, chegarachilar noqonuniy migratsiya kanalini tashkil qilgan Qirg‘iziston fuqarosini ham aniqlagan.
Sergelida tunda janjal sodir bo‘ldi
Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta fuqarolar janjallashayotganligi aks etgan video tarqalib turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Joriy yilning 3-iyul kuni taxminan soat 23:00 larda Sergeli tumani Qo‘yliq-5 dahasida o‘zaro tanish bo‘lgan bir nechta fuqarolar K.F., B.A., T.J., F.R., I.U.lar og‘zaki kelishmovchilik sababli janjallashib ketishgan.
Janjal natijasida uch nafar fuqaro tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan. Hozirda ularning ahvoli qoniqarli. Vafot etgan yoki og‘ir jarohat olganlar yo‘q.
Mazkur holat yuzasidan Sergeli tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (“Bezorilik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumondor shaxslar ushlangan. Tergov davom etmoqda.
Toshkent viloyatida fotoradar o‘rnatilgan Cobalt YTHga uchradi
3 iyul kuni soat taxminan 17:30 larda Olmaliq shahri hududidan o‘tgan yo‘lda 24 yoshli haydovchi (Rossiya fuqarosi) Lacetti'da oraliq masofani saqlamasdan, o‘zidan oldindagi piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan piyodaga yo‘l berish uchun to‘xtagan 34 yoshli haydovchi Yu.N. (IIO xodimi) Cobalt'ining (fotoradar o‘rnatilgan) orqa qismiga kelib urilib, YTH sodir etgan.
Tojikistondagi YTHda uch nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi
Tojikistonda Nexia-2 va “KamAZ” yuk mashinasi to‘qnashishi oqibatida uch nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi. Bu haqda Tojikiston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi xabar berdi.
2-iyul kuni Xo‘jand—Dushanbe yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan avtomobil yuk mashinasi bilan to‘qnashishi oqibatida Nexia-2 haydovchisi va ikki nafar yo‘lovchi (ikki erkak va bir ayol) voqea joyida halok bo‘lgan.
Haydovchining shaxsi aniqlangan bo‘lib, u Farg‘ona viloyatida yashovchi, 1964-yilda tug‘ilgan M.B. bo‘lgan. Qolgan qurbonlarning shaxsini aniqlash choralari ko‘rilmoqda.



