“Qora dayjest”: 2024-yil 2-iyul voqealari
Mercedes-Benz va Gaz-5227 rusumli avtomobillar ishtirokida YTH, pora olishda gumonlanayotgan ETK boshlig‘i, 37 kgdan ziyod giyohvand modda saqlayotgan shaxs, 4 yoshli nevarasini kaltaklagan erkak — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
3 daqiqa o‘qiladi

Mercedes-Benz va Gaz-5227 rusumli avtomobillar ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
Joriy yilning 1-iyul kuni soat 00:45 larda Yashnobod tumani Ohangaron shoh ko‘chasida haydovchi 1988 yilda tug’ilgan Y.X. boshqaruvida bo‘lgan Gaz-5227 rusumli avtomashinasi va haydovchi 1997 yilda tug’ilgan Z.U. boshqaruvida bo‘lgan Mercedes-Benz rusumli transport vositalari ishtirokida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan.
YTH natijasida Mercedes-Benz rusumli avtomashina haydovchisi tan jarohat olgan.
Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Guliston shahri ETK boshlig‘i pora olishda gumonlanmoqda
Sirdaryo viloyati Guliston shahri elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i tadbirkordan 90 mln. so‘m olishda gumonlanmoqda, deya xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Davlat xavfsizligi xizmati xodimlari bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ETK boshlig‘i D.N. korxona muhandisi vazifasida ishlagan davrida “G.S.K.” MCHJning elektr ta’minotidan 202,5 mln. so‘m qarzdorligini kamaytirib berishini aytgan.
Evaziga MCHJ nazoratchisi A.G.dan 90 mln. so‘m olgan. Ushbu pul hisobidan 3 mln. so‘mni fuqaro U.M. orqali qaytargan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
37 kgdan ziyod giyohvand modda saqlayotgan shaxs qo‘lga olindi
Joriy yilning 29-iyun kuni Farg‘ona viloyati IIB hamda Marg‘ilon shahar IIB tezkor xodimlari tomonidan “Qoradori-2024” tadbiri o‘tkazilgan. Tadbirda 1971-yilda tug‘ilgan fuqaro A.K.ning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
Natijada u xonadonidagi ekin maydonida 13 tup marixuana giyohvand o‘simligini parvarishlab kelayotganligi aniqlangan.
Shuningdek, A.K. 10 dona 3 litrli idishda 12 kg 537 gr ko‘knori boshoqlarini, 2 dona 3 litrli idishda 2 kg 570 gr marixuana moddasini, oq polietilen paketda 41 gr gashish giyohvandlik moddasini hamda oq polietilen qopda 22 kg 550 gr ko‘knori somonini saqlab kelayotganligi aniqlanib tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.
Ta’kidlanishicha, jami olingan giyohvand moddalar miqdori 37 kgdan ziyodni tashkil qilgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Toshkentda erkak 4 yoshli bolani kaltakladi
Toshkentda yosh bolani bir ekak kaltaklayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. Ushbu holat yuzasidan Bolalar ombudsmani izoh berdi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 30-iyun kuni Mirzo-Ulug‘bek tumanida yashovchi nafaqadagi M.A. 2020-yilda tug‘ilgan nabirasi A.A. (o‘g‘il bola) bilan sayr qilish uchun ko‘chaga chiqqan vaqtida nabirasi A.A. yugurib uzoqqa ketib qolgan, bobosi esa nabirasidan xavotir olib, bolani qidirgan.
So‘ng, nabirasini uyidan olisroq bo‘lgan maktab oldida topib, jahl ustida uni bir necha bor qattiq urgan.
Tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sherobod tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan Sh.O‘. va boshqalar xorijda ishlab chiqarilgan 5 890 quti “Esse Change” va 1 000 quti “Vello Polar Mint” nomli tamaki mahsulotlarini fuqaro M.X.ga 155 mln. so‘m va 7 500 AQSH dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Termiz shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Chegara” mahallasi hududida tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolar A.N., Sh.J. va I.U. xorijda ishlab chiqarilgan 1 200 quti “Esse Change” nomli tamaki mahsulotini fuqaro A.A.ga 54 mln. so‘mga sotgan vaqtlarida ushlanib, ularning yonidan jami 1 790 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.



