$
 12142.10
-52.11
 14079.98
95.66
 150.53
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 15-iyul voqealari

Qora 16-iyul

Direktor o‘rinbosari pora ustida qo‘lga olindi

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan direktor o‘rinbosari ushlandi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, DXX va IIV xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda fuqaro T.Ye. fuqaro S.S.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari yordamida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filialiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 2 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlanib, uning ko‘rsatuviga asosan davom etgan tadbirda ushbu universitetning Nukus filiali direktori o‘rinbosari R.X. fuqaro S.S.ni o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 2 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

AQShda 55 yoshli o‘zbekistonlik qotillikda gumonlanib hibsga olindi

Joriy yil 7-iyul, yakshanba kuni AQShning Illinoys shtati Neypervil shahri tergovchilari 55 yoshli, asli o‘zbekistonlik bo‘lgan 1969-yilda tug‘ilgan Z. Qudratovni qotillik ishi bo‘yicha hibsga olish uchun order berdi.

Aytilishicha, 2024-yil 6-iyul kuni ertalab Z.Qudratov hamda bir uyda, lekin boshqa qavatda yashovchi sobiq rafiqasi o‘rtasida janjal kelib chiqqan. O‘zaro janjal chog‘ida Z.Qudratov qo‘lidagi pichoq bilan sobiq rafiqasiga ko‘p marta pichoq urgani aytiladi. Neypervil politsiyasiga ushbu juftlikning qizi xabar bergan va politsiya pichoqbozlik sodir bo‘lganidan ko‘p o‘tmay voqea joyiga yetib kelgan. Jabrlanuvchi mahalliy kasalxonaga yetkazilgan va u yerda kasalxona xodimlari tomonidan vafot etgani ma’lum qilingan.

Dastlabki tekshiruvdan so‘ng Neypervil politsiyasi Qudratovni qo‘lga olgan va u ayblov e’lon qilingandan so‘ng Uill okrugi qamoqxonasiga olib ketilgan.

Navoiyda xotin erini zaharlab o‘ldirdi

Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida yashovchi ayol o‘z turmush o‘rtog‘ini avval zaharlab, so‘ng tayoq bilan urib o‘ldirdi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, voqea tumanning Bog‘chakalon mahallasida sodir etilgan. Bunga oilaviy kelishmovchilik sabab bo‘lgan. Marhum Q.Q. 2023 yilning sentyabr oyidan X.Q. bilan shar’iy nikoh asosida tumanning Bog‘chakalon mahallasida yashab kelgan. 2024-yilning aprel oyidan erkakning qizi ham turmushidan ajrashib, ular bilan yashay boshlagan.

Joriy yilning 21-iyun kuni soat taxminan 22:00 larda X.Q. turmush o‘rtog‘ining o‘ziga nisbatan doimiy ravishdagi tazyiqi va kamsitishlaridan qutulish maqsadida uni o‘ldirishni rejalashtirgan. Tuzilgan rejaga asosan dorixonadan 20 dona “Enam” dori vositasini olib kelgan. So‘ngra uni qatiqqa qo‘shib, eriga ichirgan.

Q.Q. dori ta’sirida holsizlanib, ko‘ngli aynigan hamda hushsiz holatga kelgan. Bundan foydalangan ayol yog‘och bo‘lagi bilan uning bosh qismiga bir necha marotaba urib, tan jarohati yetkazgan. Oqibatda Q.Q. voqea joyida vafot etgan.

Noqonuniy chiqindixona tashkil qilgan shaxs salkam 4 yilga qamaldi

Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida noqonuniy chiqindixona tashkil qilgan fuqaro 3 yil-u 9 oyga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Chirchiq daryosida olib borilgan reyd tadbirlarida M.D. ismli fuqaro daryo hududiga chiqindilar to‘kib, to‘g‘on hosil qilgani aniqlangan. U bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan, qurilish chiqindilarini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketishda davom etgan.

Sudda uning toifalangan hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar rejimini buzib, noqonuniy chiqindixona tashkil qilgani, hududga chiqindilarni ma’lum mablag‘ evaziga joylashtirib kelgani o‘z isbotini topgan. Fuqaro daryoga 126 433,70 m3 chiqindi tashlangani oqibatida davlat manfaatlariga 3 mlrd. 68 million 206 ming 171 so‘m miqdorda zarar yetkazgan.

Shuningdek, undan davlat foydasiga 3 milliard 68 million 206 ming 171 so‘m zarar undirilishi belgilandi.

Qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini sotuvga qo‘ygan savdo do‘konlari aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kattaqo‘rg‘on va Ishtixon tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda “T.Sh.” hamda “O.R.” oilaviy korxonasi rahbarlari savdo do‘konlarida umumiy bahaosi 126,1 mln. so‘mlik har-xil turdagi 1 972 dona qalbaki aksiz markali alkogol va 20 turdagi 2 860 dona aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini sotuvga qo‘yganliklari aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Теги :
Jamiyat