$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 14-iyul voqealari

Qora 14-iyul

Gentra`ga urilgan Damas ag‘darilib ketdi

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida Damas va Gentra ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi.

Qayd etilishicha, hodisa 13-iyul kuni soat 14:30 atrofida tuman hududidan o‘tgan halqaro ahamiyatdagi M34 avtomobil yo‘lining 23-kilometrida sodir bo‘lgan.

Yangiyo‘l-Toshkent yo‘nalishida harakatlangan 35 yoshli haydovchi X.Sh. Damas mashinasini boshqarib ketayotib, o‘zi bilan bir yo‘nalishda bo‘lgan 34 yoshli haydovchi M.I. boshqaruvidagi Gentra mashinasining orqa qismiga borib urilgan. So‘ngra Damas ag‘darilib ketgan.

YTH oqibatida Damas`ning bir nafar yo‘lovchisiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Og‘ir tan jarohati olganlar yo‘q, deyiladi xabarda.

O‘zbekistondan 23 dona qadimiy tangalarni olib ketishga uringan shaxslar ushlandi

13-iyul kuni soat 03:30 atrofida “Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti”da bojxona xodimlari aviatsiya xavfsizligini ta’minlash xizmati xodimlari bilan hamkorlikda “Toshkent- Moskva” yo‘nalishi bo‘yicha uchib ketayotgan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining qo‘l yuklari tekshiruvdan o‘tkazilgan.

 Natijada bojxona nazoratiga belgilangan tartibda taqdim etilmagan, O‘zbekiston Respublikasi chegarasidan olib o‘tilishi cheklangan, madaniy boyliklarga taalluqli bo‘lgan jami 5 dona (4 dona sariq va 1 dona oq metalldan yasalgan) nominali har xil bo‘lgan temir tangalar borligi ma’lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, soat 04:00 atrofida yana bir shunday holat qayd etilgan. Aniqlanishicha, fuqaroda O‘zbekiston Respublikasi chegarasidan olib o‘tilishi cheklangan, madaniy boyliklarga taalluqli bo‘lgan jami 18 dona (3 dona sariq, 3 dona qora va 12 dona oq metalldan yasalgan) nominali har xil bo‘lgan temir tangalar borligi aniqlangan.

13 yoshli qizni o‘ldirib, qochib ketganlikda gumonlangan erkak qidirilmoqda

Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida 13 yoshli qizning jasadi o‘z uyidan qotillik alomatlari bilan topilgan edi. Viloyat IIB uni o‘ldirishda gumonlangan erkakka nisbatan qidiruv eʼlon qildi.

Maʼlum qilinishicha, Yangiyer shahar “Obod yurt” mahallasi Samarqand ko‘chasi 8-uy, 7 xonadonda yashovchi, 1975-yilda tug‘ilgan Xolto‘rayev Yo‘ldoshali Ashurovich og‘ir turdagi jinoyat sodir etganlikda gumonlanib qidirilmoqda.

Alohida belgilari: bo‘yi 170-175 sm atrofida, bug‘doyrang, ozg‘indan kelgan, egnida sariq-ko‘k chiziqli ko‘ylak, qora rangli shim va oyog‘ida qora rangli tufli bo‘lgan.

Andijonda sel oqibatida ko‘prik qulab tushdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Xo‘jaobod va Jalaquduq tumanlari orasidagi ko‘priklardan biri qulagani aks etgan videolar tarqaldi.

Tasvirda katta soyda to‘lib sel oqayotgani va u ko‘prikni ko‘tarib turgan tayanch ustunlar ostini yuvib ketgani hamda mashinalar harakati to‘xtab qolgani ko‘rinadi.

Ko‘prik Jalaquduq tumani Yorqishloq qishlog‘idan o‘tuvchi “Oqbo‘yra soy” ustiga qurilgan. Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning yozishicha, Ko‘prik qulab tushishida soyda qo‘shni Qirg‘izistondan oqib kelgan va to‘satdan yuz bergan kuchli sel hodisasi asosiy omil bo‘lishi mumkin.

Sodir bo‘lgan voqea oqibatida tan jarohati olganlar yoki qurbon bo‘lganlar yo‘q. Boshqa barcha holatlar bo‘yicha o‘rganish davom etmoqda, deyiladi xabarda.

 

Namangan va Samarqand viloyatlarida elektr tarmoqlariga noqonuniy ulangan fermer xo‘jaliklari aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangiqo‘rg‘on va Chortoq tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda “I.N.” va “Q.A.” fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari yer maydonini sug‘orish uchun o‘rnatilgan suv inshootlarini tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan elektr tarmoqlariga ulab, jami 203,9 mln. so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Bulung‘ur va Jomboy tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda YATT D.A., “S.B.” hamda “T.S.H.” fermer xo‘jaliklari mas’ul shaxslari tijorat maqsadida elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib, jami 245 mln. so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Теги :
Jamiyat