“Qora dayjest”: 2024-yil 8-iyun voqealari
Ayollarni fohishalik uchun Turkiyaga jo‘natayotgan shaxs, devor bosib qolgan 11 yoshli bola, Jarimalar va alimentdan qarzini to‘lamagan fuqaro, Qozogʻistonda yonib ketgan ichida oʻzbekistonliklar boʻlgan avtomobil — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
3 daqiqa o‘qiladi

Ayollarni fohishalik uchun Turkiyaga jo‘natayotgan shaxs ushlandi
Toshkent xalqaro aeroportida to‘rt nafar ayol fohishalik bilan shug‘ullantirish maqsadida Turkiyaga jo‘natayotgan shaxs ushlandi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Bo‘stonliq tumanida yashovchi 42 yoshli ayol 22-43 yosh orasidagi to‘rt nafar ayolni mo‘may daromad topadigan ish topib berishni va’da qilib, fohishalik bilan shug‘ullantirish maqsadida Toshkent-Istanbul aviareysi orqali Turkiya davlatiga jo‘natayotgan vaqtida viloyat IIBB tezkor xodimlari tomonidan ushlab qolingan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
11 yoshli bolani devor bosib qoldi
Xorazm viloyatining Xiva shahrida 11 yoshli bolani devor bosib qoldi. Bu haqda Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 29 may kuni Xiva shahar Gulshan-2 mahallasida yashovchi voyaga yetmagan Sh.K. (2013 yil, o‘g‘il bola) M.M. ga tegishli bo‘lgan, qurilishi tugallanmagan bino tagida o‘ynab yurgan vaqti ushbu binoning bir tomon devori bolani ustiga yiqilib ketgan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Xiva shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Hozirda Sh.K. tos suyagi sinishi tashxisi bilan tibbiyot birlashmasida davolanmoqda.
Jarimalar va alimentdan qarzini to‘lamagan fuqaroning Kia'si xatlandi
Toshkentda jami 462 mln. so‘mlik jarimalar va alimentdan qarzini to‘lamagan fuqaroning Kia K5 rusumli avtotransport vositasi xatlanib, jarima maydoniga joylashtirildi.
Majburiy ijro byurosining Olmazor tuman bo‘limi ish yurituviga qarzdor J.T. dan qarz undirish bilan bog‘liq bo‘lgan 462 mln. 235 ming 687 so‘mlik ijro jami 210 ta hujjatlar kelib tushgan.
Ushbu hujjatlarning 208 tasi 91 mln. 969 mln. so‘mlik Toshkent shahar IIB YHXBning qarorlariga asosan kelib tushgan ma’muriy jarimalarni tashkil qilsa, 1 tasi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining 359 mln. 340 ming so‘mlik qarzdorlikni undirish haqidagi hujjat hamda 1 tasi 1 nafar voyaga yetmagan farzandlariga aliment undirish bilan bog‘liq bo‘lgan ijro hujjatlar hisoblanadi.
Qozogʻistonda ichida oʻzbekistonliklar boʻlgan avtomobil yonib ketdi
Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi elchixonasi xabariga koʻra, 8-iyun kuni soat 11:45 da Atirau viloyati Makat tumani hududidan oʻtuvchi “Atirau-Aktobe” respublika ahamiyatiga ega avtomobil yoʻlining 31-kilometrida Rossiya-Oʻzbekiston yoʻnalishida harakatlanib ketayotgan Oʻzbekiston davlat raqamiga ega boʻlgan Lada Largus rusumli avtomashinada yongʻin sodir boʻlgan.
Qayd etilishicha, yongʻin soat 12:50 da toʻliq bartaraf etilgan.
Avtomobil ichida 3 nafar Oʻzbekiston fuqarolari boʻlgan. Yongʻin oqibatida, Lada Largus mashinasi haydovchisi jaroxat olmagan, qolgan 2 ta yoʻlovchi har xil darajadagi kuyish jarohati bilan Atirau viloyat kasalxonasiga yotqizilgan. Haydovchi va jarohat olganlarning shaxslariga aniqlik kiritilgan va ular bilan doimiy aloqa oʻrnatilgan.



