“Qora dayjest”: 2024-yil 8-iyun voqealari
Treyler va uchta yuk mashinasi ishtirokida YTH, 28 marta qoida buzgan haydovchi, qidiruvdagi o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan shaxs, piyoda o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l transport hodisasi — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Treyler va uchta yuk mashinasi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
Bugun, 8-iyun kuni M-39 avtomobil yo‘lining Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi qismida to‘rtta yuk mashinasi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, MAN yuk avtomobilida kuzatilgan texnik nosozliklar tufayli Shacman samosvaliga, so‘ng Chevrolet Cobalt va Equinox avtomobillarini Surxondaryo viloyatidagi dilerlik markaziga olib ketayotgan avtotreylerga borib urilgan.
UZAUTO MOTORS xabar berishicha, yuz bergan YTH natijasida avtotreylerga ortilgan 4 dona Chevrolet Cobalt va 3 dona Equinox avtomobillari texnik shikastlangan.
28 marta qoida buzgan haydovchiga chora ko‘rildi
Fuqaro D.O. boshqaruvidagi “Lacetti” avtotransport vositasi yo‘llarda 28 marotaba qoidabuzarlik sodir etib, 32 million so‘m ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.
Mazkur jarimalar o‘z vaqtida to‘lanmaganligi sababli, ish Byuroning Sh.Rashidov tuman bo‘limiga kelib tushgan. Majburiy ijro harakatlari davomida avtotransportga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Qoidabuzar qarzdor Byuroning qidiruv shubasi va YHXB xodimlari hamkorlikda o‘tkazilgan qidiruv tadbirida mazkur “Lacetti” avtotransport vositasi Jizzax-Paxtakor yo‘nalishida harakatlanayotganligi aniqlanib, jarima maydonchasiga joylashtirildi.
O‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan shaxs qidirilmoqda
1986 yilda tug‘ilgan Abishov Alixan Nurdillayevich o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB xabar bermoqda.
“Hurmatli Toshkent viloyati aholisi va mehmonlari! Agarda siz, Abishov Alixan haqida biror ma’lumotga ega bo‘lsangiz yoki unga o‘xshash shaxsni ko‘rsangiz, 70-712-68-10 98-115-17-78 99-406-68-06 yoki 102 raqamlari orqali xabar berishingizni so‘raymiz.
Amaliy yordamingiz uchun oldindan minnatdorlik bildiramiz! Maxfiylik kafolatlanadi”, deyiladi xabarda.
YTH piyoda o‘limiga sabab bo‘ldi
Joriy yilning 8-iyun kuni soat 00:10 larda Yashnobod tumani Do’stobod MFY Sultonali Mashxadiy ko’chasi 216-uy qarshisida 1983-yilda tug‘ilgan (erkak) K.S. Captiva rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotib, piyoda 1985-yilda tug’ilgan E.X.ni urib yuborgan.
YTH oqibatida piyoda olgan tan jarohatlari natijasida voqea joyida vafot etgan, uning yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.



