“Qora dayjest”: 2024-yil 6-iyun voqealari
Ona va ikki bolani bosib ketgan KamAZ, psixotrop moddalar savdosi, suv havzasida cho‘kib ketgan uch bola, birjada boyishni va’da qilgan firibgar — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

KamAZ ona va uning ikki farzandini bosib ketdi
Joriy yilning 4-iyun kuni Samarqand viloyatining Nurobod tumani Mehnatkash mahallasi hududidan o‘tuvchi “Samarqand-G‘uzor” A-378 avtomobil yo‘lining 35-kilometrida piyodalar o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi.
Viloyat IIB xabariga ko‘ra, haydovchi 1999-yilda tug‘ilgan P.Yo. o‘zining boshqaruvida bo‘lgan “KamAZ-53 212” rusumli yuk avtomashinasida harakatlanib borayotib, piyodalar o‘tish yo‘lakchasidan o‘tayotgan J.F. va uning 2 nafar voyaga yetmagan farzandlarini urib yuborgan.
Natijada 2 nafar voyaga yetmaganlar olgan tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etishgan.
Ularning onasi Samarqand tumani markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.
Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini muomalaga kiritilishining oldi olindi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Zangiota tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam sudlangan A.F. noqonuniy daromad orttirish maqsadida Uchtepa tumani “Katta xirmontepa” MFY hududidagi savdo majmuasi oldida fuqaro K.K.ga jami 35 dona “Gabapin” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 5,4 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Oqqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro N.R. noqonuniy daromad orttirish maqsadida “Zarafshon” MFY hududida fuqaro J.A.ga 8 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 1,1 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Voyaga yetmagan uchta bola cho‘kib ketdi
Kecha, 5-iyun kuni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi fermer xo‘jaligi yer maydonida joylashgan sun’iy suv havzasiga cho‘milish uchun tushgan uch nafar voyaga yetmagan bola ehtiyotsizliklari oqibatida cho‘kib, vafot etishgan.
Hozirda prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
“Bunday ko‘ngilsiz hodisalarni oldini olish maqsadida cho‘milish ruxsat etilmagan, ta’qiqlangan, oqim tezligi yuqori bo‘lgan, chuqur, o‘ziga notanish bo‘lgan suv havzalarida cho‘milmaslik qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni so‘rab qolamiz”, deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarida.
Birjada boyib ketishni va’da qilgan firibgar qo‘lga tushdi
Toshkent shahrida yashovchi 22 yoshli B.A. ariza bilan murojaat qilib, o‘zining bank kartasidagi 1.256.000 so‘m pullari noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Qashqadaryo viloyatida yashovchi B.X., B.H va H.A.lar sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan B.X., B.A.ga o‘zini treyderlik faoliyati bilan shug‘ullanishini va pullarini birja orqali oz fursatlarda ko‘paytirib berishini va’da qilib, aldov yo‘li bilan 1.256.000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini o‘tkazib olishga erishib, bergan va’dasini bajarmasdan pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.



