Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 95 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +14° kechasi +9°

“Qora dayjest”: 2024-yil 5-iyun voqealari

Toshkentga psixotrop modda olib kirayotgan haydovchi, 6 yoshli qizning umriga zomin bo‘lgan YTH, o‘qituvchini 2 yilga “olib ketgan” 200 dollar — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.

3 daqiqa o‘qiladi

“Qora dayjest”: 2024-yil 5-iyun voqealari

Andijonda harakatlanayotgan Gentra oynasidan tanasini chiqargan qizga chora ko‘rildi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Gentra” oynasidan tanasini chiqarib olib, axloqsiz harakatlar qilgan qizning videosi tarqaldi.

Andijon viloyati IIB JXX YHXB hodisa yuzasidan ma’lumot berdi. Qayd etilishicha, qizning shaxsi aniqlangan va avtomobil jarima maydoniga olib kirilgan.

Joriy yilning 4-iyun kuni soat 23:50 larda, Andijon shahar Milliy tiklanish ko‘chasida, haydovchi, 2004-yilda tug‘ilgan K.A. o‘zining “Gentra” rusumli transport vositasida (tegishli hujjatlarsiz boshqargan va YPX xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmagan) yo‘lovchi sifatida old o‘rindiqda ketayotgan 2007-yilda tug‘ilgan T.M. transport vositasining salon qismidan tana qismini chiqarib, noo‘rin xatti-harakatlari videotasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.

Mazkur holat yuzasidan, o‘tkazilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida qoidabuzar hamda huquqbuzar shaxslar aniqlanib, ularga qonun doirasida tegishli tartibda chora ko‘rildi va profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi, deyiladi xabarda.

Toshkentga kirib kelayotgan haydovchi yonidan psixotrop modda topildi

Toshkent shahriga kirib kelayotgan Matiz rusumli avtomashina yo‘lovchisining yonida taqiqlangan modda borligi aniqlandi.

2024-yil 3-iyun kuni soat 04:35 larda Bektemir tumaniga xizmatga jalb qilingan YPX inspektorlari serjant N.Do‘simov va serjant G‘.Jo‘rayevlar tomonidan Matiz rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda yo'lovchisi 25 yoshli Fazliddin ismli shaxsning ko‘rinishi va xatti-harakatlari, xodimlarda shubha uyg‘otgan. Xolislar ishtirokida tekshirilganda yonidan jigar rangli, o‘tkir hidli mumsimon modda topilgan.

Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, fuqaro hamda aniqlangan psixotrop dori vositalari Bektemir tumani IIO FMBga topshirilgan.

O‘quvchi boshqaruvidagi avtomobil 6 yoshli qizming umriga zomin bo‘ldi

Urgut tumanida 9-sinf oʻquvchisi boshqaruvida boʻlgan Nexia-2 yuqori tezlikda 6 yoshli qizni urib yubordi. Qiz shifoxonada vafot etdi. Bola mashinani uyidan otasining ruxsatisiz olib chiqib ketgani aniqlandi.

Qayd etilishicha, hodisa 2-iyun kuni tumanning Yangihayot mahallasida sodir boʻlgan. Shu tumanda yashovchi fuqaroning 9-sinfda oʻqiydigan farzandi Nexia-2 mashinasini haydab koʻchaga chiqqan. Bola otasining aytishicha, mashina kaliti oʻzida qolgan paytda oʻgʻli undan soʻramay, mashinani olib chiqib ketgan.

Haydovchilik guvohnomasi ham boʻlmagan oʻquvchi mashinani yuqori tezlikda haydab kelayotganida yoʻlning bir tomonidan ikkinchi tomoniga oʻtmoqchi boʻlgan 6 yoshli qizni urib yuborgan. Qiz shifoxonaga olib borilgan. Biroq koʻrsatilgan muolajalarga qaramay, u vafot etgan.

200 dollar o‘qituvchini 2 yilga “olib ketdi”

Hamkasbini ishga kiritib qoʻyish evaziga pora olgan oʻqituvchiga 2 yil-u 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning yanvar oyida Sergeli tumanidagi maktablardan birida faoliyat olib borayotgan ayol oʻzining hamkasbini u ishlayotgan maktabga yuqori lavozimga ishga oʻtkazib qoʻyish uchun oʻzga bir fuqaroning ishonchiga kirib, undan 200 dollar olayotgan vaqtda qoʻlga olingan.

Mazkur holat yuzasidan sud ishi Sergeli tuman sudida koʻrib chiqildi.

“Oʻzbekiston Respublikasi JKning 59 va 59 va 61-moddalari tartibida sudlanuvchiga tayinlangan jazolarni qisman qoʻshish yoʻli orqali uzil-kesil 1 yil muddatga davlat taʼlim muassasalarining rahbarlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 2 yil-u 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlansin”, deyiladi sud hukmida.