“Qora dayjest”: 2024-yil 28-iyun voqealari
Buyuk Britaniyada jinsiy tajovuz qilishda ayblangan o‘zbek, MCHJni qasddan bankrotlikka olib kelish, “Antiseptik” niqobi ostidagi etil spirti, 6 yoshli o‘gay o‘g‘lini kamar bilan kaltaklagan "ota" — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
3 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniyada jinsiy tajovuz qilishda ayblangan o‘zbek
O‘zbekistonlik migrant ikkita jinsiy tajovuz jinoyatida aybdor deb topildi. Qayd etilishicha, O‘zbekistonlik muhojir Britaniyaga qishloq xo‘jalik ishlarida ishlash uchun olti oylik mavsumiy viza asosida kelgan. Ammo, u viza muddati tugashiga qaramay mamlakatni tark etmasdan, Londonda ovqat yetkazib beruvchi bo‘lib ishlashda davom etgan. Aybdorga nisbatan sud jazo hukmi 29-avgustda o‘qilishi belgilangan.
MCHJni qasddan bankrotlikka olib kelish
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sergeli tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “S.T.” MCHJ mas’ul shaxslari umumiy bahosi 1,9 mlrd. so‘mlik avtotransport vositalarini MCHJ balansidan chiqarib, korxonani to‘lovga qobiliyatsizligini qasddan yuzaga keltirishib, kreditorning manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganliklari, shuningdek yer qaridan qazib olingan foydali qazilmalar hajmini soliq hisobotlarida kamaytirib ko‘rsatib, 256 mln. so‘m soliqlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlaganliklari aniqlangan. Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
“Antiseptik” niqobi ostidagi etil spirti
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda Chilonzor tumanidagi “Toshkent-Xorazm” avtoturargohida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.A. boshqaruvidagi “ISUZU” rusumli yuk avtomashinasi ko‘zdan kechirilganda Farg‘ona viloyatida yashovchi B.T. umumiy bahosi 157,5 mln so‘m bo‘lgan 900 dona 5 litrlik yelim idishlarga qadoqlangan 4,5 tonna etil spirtining ustiga qalbaki “Antiseptik” yozuvli etiketkalarni yelimlab, Xorazm viloyatida o‘tkazish maqsadida jo‘natganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilayotgani ma’lum qilingan.
6 yoshli o‘gay o‘g‘lini kamar bilan kaltaklagan "ota"
Ijtimoiy tarmoqlarda erkak kichik yoshdagi bolani kamar bilan kaltaklayotgani aks etgan video tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani rasmiy munosabat bildirdi. Aniqlanishicha, ushbu holat Joriy yilning 23-iyun kuni Samarqand viloyati Toyloq tumanida sodir bo‘lgan. Unda 1988-yilda tug‘ilgan erkak Sh.N. o‘zi bilan birga 2024-yildan shar’iy nikohda bo‘lgan T.D. ning 2017-yilda tug‘ilgan 6 yoshli farzandi Ye.O.ni yashash xonadoni hovlisida qo‘lida bo‘lgan kamar bilan kaltaklagan. Holat yuzasidan 24-iyun kuni tergovga qadar tekshiruv boshlangan. Voyaga yetmagan Ye.O.da tan jarohatlari aniqlanib, hozirda bolaga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Bu borada sud tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Ma’lum qilinishicha, Sh.N. Toyloq tumani tibbiyot birlashmasi tibbiy ko‘rigidan o‘tkazilganda, uning ruhiyatida o‘zgarishlar borligi aniqlanib, Samarqand viloyati ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Bolaning holati yuzasidan sud-psixiatrik ekspertiza tayinlandi. Ushbu holat yuzasidan Toyloq tumani IIB huzuridagi TB tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib bormoqda.



