$
 12805.09
-10.04
 13889.68
-8.33
 133.10
-0.1
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 24-iyun voqealari

Qora 24-iyun

Toshkentda 751,6 mln. so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan mayning ferma aniqlandi

Toshkent shahri Yangihayot tumanida mayning ferma tashkil etgan xonadon aniqlandi, deya xabar qilmoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Yangihayot tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda “Chortoq” MFY hududida yashovchi fuqaro O.K. o‘z uyining yerto‘lasida 5 ta to‘plamdagi mayning qurilmalarini tijorat maqsadida elektr tarmog‘iga yashirincha ulab, jami 751,6 mln. so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Toshkent viloyatida noqonuniy chiqindi tashlaganlar onlayn kameralar orqali aniqlanib, chora ko‘rildi

Toshkent viloyatida belgilanmagan joyga chiqindi tashlash bilan bog‘liq navbatdagi huquqbuzarliklar aniqlandi.

Holatlar Ekologiya vazirligining Dispetcherlik va onlayn monitoring markaziy boshqarmasi tomonidan oʻrnatilgan onlayn kuzatuv kameralariga muhrlandi.

Xususan, viloyatning Qibray tumani Arg‘un MFY hududida fuqarolar X.I., M.Y. va A.B. belgilanmagan hududga chiqindi tashlab, huquqbuzarlik sodir etishgan. Ularga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91prim 1-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Huquqbuzarlarning har biriga BHMning 1 barobari — 340 ming so‘mdan jarima belgilandi. 

Chirchiqda kanalga tushib ketgan Spark olib chiqildi

24-iyun kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahrida 53 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Spark ariqqa tushib ketdi. Viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi bu bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Iqbol mahallasida yuz bergan voqea aks etgan videoda Spark suv yuzasida oqim bo‘ylab oqib ketayotgani, mahalliy fuqarolar esa uni to‘xtatishga urinayotganini ko‘rish mumkin.

Ma’lum qilinishicha, haydovchi ayol mashinani orqaga harakatlantirayotganda boshqaruvni yo‘qotgan, so‘ng avtomobil suvga tushib ketgan. Avtoulov mahalliy fuqarolar va shahar FVB xodimlari bilan hamkorlikda qutqarib olingan. Voqeada tan jarohati olganlar yo‘qligi qayd etildi.

Avtomashina suvdan olib chiqildi. Holat yuzasidan surishtiruv olib borilmoqda.

Xorijiy davlatlarga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy shahar bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.E. fuqaro L.Q.ning ishonchiga kirib, uni 17 500 AQSH dollari evaziga Yevropa davlatlari orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishga yuborishini aytib, oldindan 6 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Toshkent viloyat boshqarmasi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro I.A. fuqaro Z.L.ni tanishlari orqali Germaniya davlatiga ishlash uchun yuborish evaziga 5 100 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Теги :
Жамият