“Qora dayjest”: 2024-yil 22-iyun voqealari
Matiz haydovchisining beo‘xshov qilig‘i qimmatga tushdi, Sud boshqaruvchilari pora bilan qo‘lga olindi, Toshkent viloyatida 10 yoshli bolani poyezd urib yubordi, Bolalarni oyoq kiyim bilan urgan tarbiyachiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
3 daqiqa o‘qiladi

Matiz haydovchisining beo‘xshov qilig‘i qimmatga tushdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoroda Matiz transport vositasining amaldagi yo‘l harakati qoidalarini buzib, ustiga-ustak, ortdagi avtomashina egalariga beo‘xshov qiliqlar qilib kelgan haydovchining xatti-harakatlari tarqaldi.
Buxoro viloyati IIB JXX YHXB Axborot xizmati boshlig‘i kapitan Ulug‘bek Shukurlayevning ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video o‘rganilib, qoidabuzarga nisbatan tegishli chora ko‘rilgan.
Ta’kidlanishicha, Buxoro shahridagi ko‘chalardan birida Matiz rusumli avtomashina haydovchisi amaldagi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, o‘z yo‘nalishida ortdan kelayotgan haydovchiga bepisandlik qilib, beo‘xshov qiliqlar bilan harakatlangan. Keng jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan Matiz haydovchisining shaxsi murojaatchining tezkor harakati bilan bir necha daqiqalar ichida aniqlangan.
Sud boshqaruvchilari pora bilan qo‘lga tushdi
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Buxoro shahrida joylashgan Geodeziya va topoxaritalar tuzish bilan shug‘ullanuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbari mahalliy qurilish firmasiga qarashli 701 metr kvadrat bo‘lgan yer maydonida ko‘p qavatli uy qurish uchun arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini vakolatli tanishlari orqali tayyorlatib berish evaziga 25 ming dollar talab qilib, oldindan 12,5 ming dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, undan arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini tayyorlab berish evaziga 5 ming dollar olgan vaqtida viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlovchi mansabdor tanishi ham qo‘lga olingan.
Toshkent viloyatida 10 yoshli bolani poyezd urib yubordi
Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi temir yo‘l hududida 10 yoshli bolani poyezd urib yubordi. Bu haqda “Millar” informatsion dasturida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, 20-iyun kuni soat 09:30 larda “O‘zbekiston” bekatida xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmasi xizmat telefoniga Zangiota temir yo‘l kesishmasida Bekobod—Toshkent yo‘nalishida harakatlangan elektropoyezd voyaga yetmagan bolani urib yuborgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bola velosiped yordamida poyezd yo‘lini kesib o‘tmoqchi bo‘lgan. U olgan tan jarohatlari oqibatida hodisa joyida vafot etgan.
Holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bolalarni oyoq kiyim bilan urgan tarbiyachiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Avvalroq, Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida joylashgan 16-bog‘chada tarbiyachi bolalarni oyoq kiyimi bilan urgani va u bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani haqida xabar berilgan edi.
Bolalar ombudsmanining ma’lum qilishicha, tarbiyachi K.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 110- moddasi (qiynash) 2-qismi “a” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ma’lumot uchun, 2024-yil 20-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda bog‘cha tarbiyachisi bolalarni shippak bilan urgani tasvirlangan videolavha tarqalgan.
Ishchi guruh tomonidan holat o‘rganilganda bolalarni oyoq kiyim bilan urgan ayol G‘allaorol tumanidagi 16-bog‘cha tarbiyachisi ekani aniqlangan. 2024-yil 19-iyun kuni tarbiyachi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.



