$
 12805.09
-10.04
 13889.68
-8.33
 133.10
-0.1
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 21-iyun voqealari

Qora 21-iyun

Xorazmda piyodaning o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchi qidirilyapti

Xorazm viloyati IIB Urganch-Xonqa avtomobil yo‘lida piyodaning o‘limiga sabab bo‘lgan YTH sodir etib, tenrgovdan yashirinib yurgan haydovchini qidiryapti.

Ma’lum qilinishicha, 2024-yil 18-iyun kuni soat taxminan 01:45 da Urganch-Xonqa avtomobil yo‘lining 3-kilometrida yo‘l chekkasida piyoda harakatlanib borayotgan, Xonqa tumanining “Bunyodkor” mahallasida yashagan, 1989-yilda tug‘ilgan X.Egamberdiyevni noma’lum avtomashina urib yuborgan va haydovchi birinchi tibbiy yordam ko‘rsatmasdan hodisa joyidan qochib ketgan.

X.Egamberdiyev esa olgan og‘ir tan jarohatlari tufayli hodisa joyida vafot etgan.

Xozirgi kunda yo‘l-transport hodisasini sodir etgan haydovchi va unga tegishli avtomashinani aniqlash va ushlashga qaratilgan qidiruv-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ayol 2 o‘g‘lini tanishiga tashlab ketdi, ular bolalar uyiga joylashtirildi

Toshkent shahar Olmazor tumanida yashovchi Q.N. (ayol) ijtimoiy tarmoq orqali tanishgan M.M. (ayol) uning ishonchiga kirib, o‘zining 2 nafar bolasini (2024-yilda tug‘ilgan 2 oylik go‘dak va 2022-yilda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar) tashlab ketganini bildirib Bolalar ombudsmaniga murojaat qildi.

U M.M. 45 kun avval tashlab ketgan bolalarni o‘zi boqib kelayotgani, shu muddat ichida ona biron marta ham bolalardan xabar olmaganini bayon etgan.

Holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlangan. Ikki voyaga yetmagan bolalar uyiga (3 yoshgacha bolalar uchun umumiy tipdagi) vaqtincha joylashtirilgan.

Tuproq jinslarni o‘zboshimchalik bilan qazib olish holatlari aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kogon tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqarolar Sh.J., B.H., N.K. va boshqalar “O‘rta cho‘l” MFY hududidagi “K.J.” fermer xo‘jaligining yer maydonidan jami 465,6 ming kub metr qumni o‘zboshimchalik bilan qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 7,4 mlrd. so‘m zarar yetkazganligi aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning O‘rtachirchiq tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “B.-s.” MCHJ rahbari F.V. g‘isht ishlab chiqarish faoliyati uchun “Qaytmas” MFYdan ajratib berilgan kon hududidan chetga chiqib, jami 45,4 ming kub metr tuproq jinslarni o‘zboshimchalik bilan qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 779,7 mln. so‘m zarar yetkazganligi aniqlangan.

“OLX” orqali yolg‘on e’lon berib, pul ishlagan firibgar qo‘lga olindi

Andijon viloyatida yashovchi 31 yoshli N.A. ariza bilan murojaat qilib, 3 mln. so‘m pullari noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni, Jizzax viloyatida yashovchi G.G. sodir etganligi aniqlandi.

Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan, G.G. o‘z ismini “Ruslan” deb nomlab, “Olx” platformasida Toshkent shahrida xonadonlarni ijaraga berish yuzasidan yolg‘on e’lonlarni joylashtirgan va bu e’longa ishongan jabrlanuvchi N.A. bilan telefon orqali gaplashib, uni aldab, oldindan 3 mln. so‘m miqdoridagi pullarni o‘zining foydalanuvida bo‘lgan bank kartasiga o‘tkazib olgan va yozishmalarni o‘chirib yuborib, uning qo‘ng‘iroqlariga javob bermay, qora ro‘yxatga kirgazib qo‘ygan.

Теги :
Жамият