Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 97 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +12° kechasi +8°

“Qora dayjest”: 2024-yil 18-iyun voqealari

Avtobus va yengil mashinalar haydovchilari o‘rtasida mushtlashuv, 4 ta avtomobil ishtirokida YTH, Nexia-2 bilan kanalga cho‘kkan 5 kishi, “soxta” telefon sotuvchisi — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.

2 daqiqa o‘qiladi

“Qora dayjest”: 2024-yil 18-iyun voqealari

 Avtobus va yengil mashinalar haydovchilari mushtlashdi

Poytaxtda avtobus va yengil mashinalar haydovchilari mushtlashdi. Holat yuzasidan Bektemir tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Toshkent shahar IIBB ma’lumot berishicha, 16 iyun kuni soat 15:30 larda Bektemir tumani Husayn Boyqaro shohko‘chasida elektrobus haydovchisi Sh.Sh. (1989 y. t.) hamda Nexia-2 haydovchisi R.I. (1972 y.t.) va ZAZ-1102 haydovchisi F.Z. o‘zaro janjallashib qolgan.

Birlamchi ma’lumotga ko‘ra, janjal sababi: avtobus bekatda to‘xtagan vaqtida ortida yuqorida qayd etilgan 2 ta yengil avtomashina to‘qnashgan.

4 ta avtomobil ishtirokida YTH

17-iyun kuni soat 03:00 larda Chilonzor tumani Muqimiy ko‘chasida 4 ta avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Voqea yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB rasmiy ma’lumot berdi.

Haydovchilar — U.B. (1998-y.t.) boshqaruvida bo‘lgan MENLO avtomobili, M.A. (1999-y.t.) boshqaruvidagi “VAZ-2106”, M.R. (1992-y.t.) boshqaruvida bo‘lgan “VAZ-2107” va B.R. (1990-y.t.) boshqaruvidagi Nexia-2 rusumli avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan.

YTH oqibatida MENLO haydovchisi tan jarohati olgan.

“Nexia-2” kanalga quladi. To‘rt kishining jasadi topildi, bir kishi qidirilmoqda

Sirdaryo viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2024-yil 17-iyun kuni soat 13: 00 larda, “Nexia-2” mashinasi Shirin shahar M.Ulug‘bek mahallasini Nurobod mahallasi bilan bog‘lab turuvchi Janubiy Mirzacho‘l kanali ustidagi ko‘prikdan o‘tayotib boshqaruvni yo‘qotgan.

Oqibatda mashina kanalga tushib ketgan va uning haydovchisi hamda 4 nafar yo‘lovchi hodisa joyida cho‘kib ketgan.

Sirdaryo viloyati FVB favqulodda qutqaruv guruhi g‘avvoslari tomonidan olib borilgan tezkor qutqaruv ishlari davomida haydovchi va 3 nafar yo‘lovchining jasadlari hamda “Nexia-2” topilib, suvdan olib chiqilgan.

Hozirda qutqaruv guruhi g‘avvoslar tomonidan mashinada bo‘lgan yana bir yo‘lovchini qidirib topish choralari ko‘rilmoqda.

Telefon sotuvchi “soxta” bo‘lib chiqdi

Buxoro viloyatida yashovchi M.O. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 2.000.000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Buxoro viloyatida yashovchi M.S. sodir etganligi aniqlangan.

Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan M.S., telegram messenjeridagi guruhlarning birida jabrlanuvchi M.O. bilan tanishib, unga “iPhone 11 pro max” rusumli telefon qurilmasini pul kerakligi sababli sotishini aytib, unga buyurtmasini 1 kun ichida yetkazib beriladi deya uni aldab, oldindan 2 mln. so‘m miqdordagi pullarni o‘zining foydalanuvida bo‘lgan plastik kartasiga o‘tkazib olgan va o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan, telefon esa yetkazilmagan.