“Qora dayjest”: 2024-yil 14-iyun voqealari
Toshkentda vafot etgan Indoneziya elchisi, qaynota va qaynonasini o‘ldirgan kuyov, 15 sutkaga sabab bo‘lgan 200 dollar, 267,9 mln. so‘mlik ichimlik suvidan noqonuniy foydalangan issiqxona — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Indoneziya elchisi Toshkentda vafot etdi
Indoneziya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Sunario Kartadinatu kecha, 13-iyun kuni Toshkentda vafot etdi.
Bu haqdagi xabarni mamlakatning Toshkentdagi elchixonasi tasdiqladi.
Sunario Kartadinatu bir vaqtning o‘zida mamlakatning Qirg‘iziston Respublikasidagi elchisi ham hisoblanar edi.
Eslatib o‘tamiz, Sunario Kartadinatu O‘zbekistonda o‘z diplomatik missiyasini 2019-yilning martidan boshlagan.
Kuyov qaynota va qaynonasining qotiliga aylandi
Samarqand viloyati Payariq tumanida 36 yoshli erkak qaynotasi va qaynonasini pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Xabar qilinishicha, joriy yilning 10-iyun kuni soat 12:00 atrofida 1988 yilda tug‘ilgan M.J. turmush o‘rtog‘i Z.A. bilan oilaviy kelishmovchilik davomida Payariq tumani Nakurt mahallasi Bekto‘pi qishlog‘ida yashovchi qaynotasi R.J. (62 yoshli)ning yashash uyiga kelib janjal chiqargan.
Shundan so‘ng erkak yashash uyi mehmonxonasida dastlab 60 yoshli qaynonasi J.N.ga, so‘ng qaynotasi J.R.ga oshxona pichog‘i bilan ko‘plab kesuvchi va sanchib kiruvchi jarohatlar yetkazgan. Oqibatda N.J. va R.J. olgan og‘ir tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etishgan.
Kortejdagilar 15 sutkaga “kesildi”
Joriy yilning 12-iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanida yashovchi 2002-yilda tug‘ilgan A.N. o‘zining nikoh to‘yida kelin va kuyov o‘tirgan Mercedes mashinasi ortidan yetib borgan to‘y sayli ishtirokchilariga 200 dollar va’da qilgani va oqibatda to‘yxonaga yaqin hududda to‘y kortejidagi jami 9 ta mashina bir-biri bilan to‘qnashuv sodir etgani xabar qilingan edi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV YHXB axborot xizmati inspektori T.Utemuratovning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan matearillar to‘plani Nukus shahar sudiga yuborilgan.
Sud mazkur ish doirasida kuyov boshliq jami 14 nafar fuqaroga nisbatan 15 sutka qamoq jazosini tayinlagan.
To‘y kortejida avtomobillar oynasidan tanalarini chiqarib harakatlangan 4 nafar yo‘lovchining ishi esa sudda ko‘rilmoqda.
267,9 mln. so‘mlik ichimlik suvidan noqonuniy foydalangan issiqxona aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “M.E.” MCHJ rahbari N.I. MCHJga qarashli issiqxonani markazlashtirilgan kommunal suv ta’minoti tizimiga o‘zboshimchalik bilan ulab, 267,9 mln. so‘mlik ichimlik suvidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.



