“Qora dayjest”: 2024-yil 11-iyun voqealari
Salkam 303 million so‘mlik pullarni o‘g‘irlagan giyohvand, Toshkentda kuzatilgan chaqnash va portlash ovozi bo‘yicha ma’lumot, qo‘lga tushgan xo‘roz urishtiradigan “arena” xo‘jayini, avtoservisdagi yong‘in — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
3 daqiqa o‘qiladi

Salkam 303 million so‘mlik pullarni o‘g‘irlagan giyohvand 5 yilga qamaldi
Buxoro viloyati, Vobkent tumanilik 54 yoshli O‘.Rajabov o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan shaxsning salkam 303 million so‘mlik pul va taqinchoqlarini o‘g‘irladi. Ustiga-ustak, uning giyohvandligi ham oshkor bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan ayblangan O‘tkir Rajabovga nisbatan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilgan.
U tayinlangan jazo muddatini umumiy tartibli koloniyalarda o‘taydigan bo‘ldi.
Toshkentda kuzatilgan chaqnash va portlash ovozi bo‘yicha ma’lumot berildi
Toshkentning Yunusobod tumanida yorqin chaqnash bilan birga portlashga o‘xshash kuchli ovoz eshitilgani haqida xabarlar va holat aks etgan videolar tarqaldi. “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” bunga izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, 10-iyun kuni kech soat 23:59 da Yunusobod tumani hududida joylashgan podstansiya “Aksa”dan podstansiya “Sokin”gacha uzunligi 13 kilometrga yaqin bo‘lgan 110 kVt li “L-Sokin-1” yuqori kuchlanishli elektr uzatish havo tarmog‘idagi eski simlarni yangi zamonaviy rusumdagi havo tarmog‘iga almashtirish ishlari olib borilgan.
Tunda taʼmirlash ishlari yakunlangach, 110 kVt li havo tarmog‘iga kuchlanish berilganda, hududdagi 25-ustun (opora)dagi eski farfor chig‘anoq muddati o‘tgani sabab yuqori kuchlanishda singan.
Samarqandda xo‘roz urishtiradigan “arena” xo‘jayini qo‘lga olindi
Samarqand viloyati Urgut shahri xo‘roz urishtirish uchun maxsus “arena” tashkil qilgan 45 yoshli erkak ushlandi.
Samarqand viloyati IIB tezkor-qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishi bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, shaharning Guliston ko‘chasida joylashgan xonadonlarning birida tezkor tadbir o‘tkazildi. Fuqaro maxsus arenada xo‘rozlarni pul evaziga urishtirib o‘z uyida qimorxona tashkil qilgan.
Surishtiriuvlarda bir necha fuqaro o‘zlariga tegishli bo‘lgan xo‘rozlarni urishtirishga olib kelgani ma’lum bo‘lgan. Xo‘rozlar ishtirokidagi “jang”larni tomosha qilish uchun 200 nafarga yaqin tomoshabinlar yig‘ilgan.
45 yoshli tashkilotchining yonidan tomoshaga yig‘ilgan fuqarolardan yig‘ilgan jami 3 225 000 so‘m miqdoridagi pullar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Sergelidagi avtoservisning ichki qismi va 3 ta avtomobil yondi
Bugun, 11-iyun kuni soat 13:24 da Toshkent shahar, Sergeli tumani, 6a-daxasidagi avtosalon oldida joylashgan avtoservisda yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida FVBga xabar tushgan.
Shunga ko‘ra, 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 13:33 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 13:44 da qurshab olingan va soat 13:51da o‘chirilgan.
Yong‘in natijasida avtoservisning ichki qismi va ichki qismida bo‘lgan 3 ta avtomobil yonib zararlangan.
Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmadi.
42 marotaba yo‘l qoidasini buzgan haydovchining gips ishlab chiqarish uskunasi xatlab qo‘yildi
Yo‘l harakati qoidalarini muntazam buzib kelganligi uchun Buloqboshi tumanida yashovchi M.J. 42 ta ma’muriy jarimaga tortilgan.
IIB YHXB organlari tomonidan Majburiy ijro byurosi Buloqboshi tuman bo‘limiga kelib tushgan jarima solish to‘g‘risidagi 42 ta qarorlarga muvofiq M.J.dan jami 17 mln. so‘mdan ziyod ma’muriy jarimalar undirilishi belgilangan.
Bo‘lim davlat ijrochisi qarzdorni jarima pullarini to‘lashi yuzasidan ogohlantirgan. Biroq, jarima pullari to‘lanmagach, ijro harakatlari olib borilgan hamda qarzdor M.J.ning yashash xonadonidagi gips ishlab chiqarish uskunasi xatlab qo‘yilgan.



