$
 12855.93
11.93
 13570.72
20.3
 128.16
-0.14
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 25-may voqealari

5 25

Navoiyda maktab oʻquvchisi choʻkib ketdi

Navoiy viloyatida dars paytida choʻmilishga borgan oʻquvchilardan biri choʻkib ketgan.

Karmana tumanidagi 30-maktabning 6-sinf oʻquvchilari dars vaqtida choʻmilishga borgan vaqtida ulardan biri choʻkib ketgan. Bu haqda Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

“Ushbu holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Natijasi boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi”, deyiladi xabarda.

Jizzaxda sodir boʻlgan YTHda 21 yoshli yigit halok boʻldi

Jizzax viloyati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati xabar berishicha, hodisa bugun, 25-may kuni soat 09:15 larda “Toshkent-Termiz” avtomobil yoʻlida sodir boʻlgan.

2003-yilda tugʻilgan, Navoiy viloyatida yashovchi S.A “Lacetti” rusumli avtomashinasini Samarqand-Toshkent yoʻnalishida boshqarib borayotib, qayrilib olish qismida 4.1.1 yoʻl belgisiga amal qilmasdan orqaga qayrilgan. Shu vaqtda u Toshkent-Samarqand yoʻnalishda harakatlanib ketayotgan, 1971-yilda tugʻilgan Toshkent viloyati Qibray tumanida yashovchi X. R boshqaruvida boʻlgan YBL613OH rusumli yoʻlovchi tashuvchi avtobus yoʻliga chiqib ketib YTH sodir qilgan.

Oqibatda Lacetti rusumli avtomashina salonida boʻlgan 2003-yilda tugʻilgan yoʻlovchi olgan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan. 2004-yilda tugʻilgan yana bir yoʻlovchi va avtomashina haydovchisi tan jarohat olgan va jonlantirish boʻlimiga yotqizilgan.

Avtobus haydovchisi va salonida boʻlgan yoʻlovchilarga tan jarohati yetmagan.

Avtomobildan pul sochgan shaxs 15 sutkaga “kesildi”

Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida yoʻlda tanasini avtomobil lyukidan chiqarib, soxta pul sochgan shaxs va haydovchiga chora koʻrildi. Bu haqda IIV Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.

Haydovchilik guvohnomasi boʻlmay turib transportni boshqargan hamda guruh boʻlib harakatlangan haydovchilarga maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Qayd qilinishicha, “yoʻl harakati qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzganlarga” nisbatan toʻplangan hujjatlar sudga yuborilgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudi qarori bilan tanasini avtomobil lyukidan chiqarib, soxta pul sochgan shaxs 15 sutkaga, ushbu transportni boshqargan haydovchi 10 sutkaga qamaldi.

Toshkentda “novostroyka” ishchisini tuproq bosib qoldi

24-may kuni soat 17:05 da Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Yakkasaroy tumani “Dilbuloq” MFY hududida bir nafar fuqaroni yangi qurilayotgan turar joy majmuasi chuqurida payvandlash ishlarini olib borayotgan vaqtida tuproq bosib qolganligi toʻgʻrisida murojaat kelib tushgan.

Zudlik bilan aytilgan manzilga qutqaruvchilar yetib borib, maxsus asbob-anjomlar yordamida qutqaruv ishlarini amalga oshirgan. Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida fuqaro tuproq ostidan olib chiqilib, birinchi yordam koʻrsatilgan va shifoxonaga yuborilgan. Hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi va u shifokorlar nazoratida, deyiladi FVV xabarida.

Qoraqalpogʻistonda haydovchi YPX xodimini urib, jarohat yetkazdi

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda YPX xodimi va fuqaro oʻrtasidagi janjal aks etgan video tarqalib, keng muhokamalarga sabab boʻlgan edi. Holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.

Joriy yilning 21-may kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV YHXB 2 mintaqa yoʻl-patrul xizmati inspektori safdor K.M. Toʻrtkoʻl tumani Mustaqillik koʻchasi boʻyida xizmat olib borayotgan boʻlgan. Oʻsha vaqtda shubhali boʻlgan Matiz avtotransport vositasini toʻxtatib, haydovchidan avtomashinani boshqarishga oid hujjatlarini soʻragan. Natijada haydovchi N.A. “Sen nimaga mening oldimga chiqasan” deb, uni qoʻllari bilan urgan. Haydovchi jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasdan mensimasdan, oʻz xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar xodimiga faol qarshilik koʻrsatib, unga tan jarohati yetkazgan.