$
 12865.66
-8.36
 13510.23
-48.69
 125.14
-3.07
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 18-aprel voqealari

qora 18-aprel

Jizzaxdagi xitoylikka qidiruv e’lon qilindi

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani IIB ushbu tumanning Ardaxshon mahallasidagi MChJ yotoqxonasida yashab kelgan 30 yoshli XXR fuqarosi Chen Lin Bingga nisbatan qidiruv e’lon qildi.

U Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi (Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) hamda 189-moddasi 1-qismi (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish)da ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanyapti.

Ma’lumot bergan fuqaroning shaxsi sir tutilib, pul mukofoti bilan taqdirlanishi ma’lum qilingan.

Ona ikki bolasi bilan o‘zini suvga tashladi

Urgut tumanida yashovchi fuqaro N.Mamatov 15-aprel kuni Samarqand viloyati IIB navbatchilik qismining 102 raqamiga murojaat qilib, unda Samarqand shahri, “Vatanparvar” mahallasi, “Spirina” koʻchasi, 6-uy, 6-xonadonda yashovchi kelini I.Yazdonova ikki nafar farzandi bilan 15-aprel kuni soat 15:00larda uyidan nomaʼlum tomonga chiqib ketganligini maʼlum qilgan.

2024-yil 16-aprel kuni soat 08:00larda “Dargʻom” kanalining Toyloq tumani, “Gʻoʻlba” MFY hududidan oqib oʻtuvchi qismidan voyaga yetmagan A.Narzullayeva, M.Narzullayev va ona I.Yazdonovaning murdasi topilgan.

Mazkur holat yuzasidan Toyloq tuman prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

23 nafar aliment to‘lamagan ota javobgarlikka tortildi

Maʼlum boʻlishicha, Jizzax viloyatida aliment taʼminotini toʻlashdan boʻyin tovlab kelgan 23 nafar fuqaro Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 47-prim 4-moddasiga asosan javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, xabarda joriy yilning 1-choragi davomida Majburiy ijro byurosi Paxtakor tumani boʻlimi tomonidan 761 mln. soʻm aliment qarzdorliklari undirib olingani yozilgan.

Maʼlumotga koʻra, oʻtgan davr mobaynida 16 nafar ish bilan band boʻlmagan aliment toʻlovchi shaxs doimiy ish bilan taʼminlangan, 13 ta oila esa yarashtirilgan.

Maskadagi qo‘poruvchilar qo‘lga olindi

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 15-aprel kuni no‘malum shaxslar tomonidan yuzlariga niqob taqqan holda Toshkent shahrining Yunusobod tumanining 8-mavzesida maxsus qurilish texnikasidan foydalanib, ko‘p qavatli aholi yashash hududida ko‘p yillik daraxtlarni qasddan nobud qilganliklari bo‘yicha xabarlar tarqalganligi haqida xabar bergan edik.

Prokuratura organlari tomonidan mazkur xabar asosida tekshirish o‘tkazilmoqda.

Hozirda huquqbuzarlarning shaxsi to‘liq aniqlanib, tegishli protsessual chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Nazorat tadbiri davomida daraxtlarni nobud qilgan shaxslar va hududda qurilish ishlari amalga oshirishni rejalashtirgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar mansabdor shaxslarining hatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Kartadan 12 million “shilgan” shaxs ushlandi

Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahrida yashovchi 33 yoshli I.N. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 12.150.000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent shahri, Yunusobod tumanida yashovchi 27 yoshli D.X. sodir etganligi aniqlangan.

Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan D.X. Internet foydalanuvchilariga “Telegram” messenjeri orqali turli xil mazmunidagi xabarni (havola) jo‘natib, ularni qiziqtirib, bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritish orqali bank kartalarida saqlangan pullarni o‘g‘irlab, qing‘ir yo‘llar bilan boylik orttirib kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Теги :
Jamiyat