“Qora dayjest”: 2024-yil 22-mart voqealari
“Captiva” va “Lacetti” ishtirokida YTH, Surxondaryoda sel-suv toshqini, Zilzilaning O‘zbekistonga ta’siri — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

“Shumaxer”lar jarimaga tortildi
20-mart kuni Toshkent shahri IIBB YHXB Sergeli tumani Fayzli ko‘chasi bo‘ylab 170−180 km/soat tezlikda harakatlanib, bu holat aks etgan videoni internetga joylashtirgan ikki haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi.
“Tahoe” haydovchisi — 1998-yilda tug‘ilgan Ahror va “BYD Song Plus” haydovchisi — 1989-yilda tug‘ilgan Sirojiddin o‘zi va o‘zgalarning hayotini xavf ostiga qo‘ygan, — deyiladi xabarda.
Ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-3-moddasiga asosan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, belgilangan tezlikni (shaharda 60 km/soat) 40 km/soatdan ortiq oshirib haydash bazaviy hisoblash miqdorining 9 baravari miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi.
“Captiva” va “Lacetti” ishtirokida YTH
Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida “Captiva” va “Lacetti” ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.
Joriy yilning 21-mart kuni soat 22:30 larda Mirzo Ulug‘bek tumani Do‘rmon yo‘li ko‘chasida “Captiva” va “Lacetti” rusumli avtomashinalar to‘qnashuvi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Toshkent shahar IIBB YHXB xabariga ko‘ra, YTH natijasida Lacetti rusumli avtomashinaning haydovchisi va 2 nafar yo‘lovchisi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib ketilgan.
Qayd etilishicha, ular hozirda shifokorlar nazoratida.
Surxondaryoda sel-suv toshqini
Kecha, 21 mart kuni taxminan soat 19:10 lar atrofida Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hududidagi qir-adirliklarda kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida yig‘ilgan yomg‘ir suvlari Arnalisoy orqali Elobod mahallasiga kirib kelgan.
Viloyat hokimligi xabariga ko‘ra, ko‘p miqdordagi yomg‘ir suvlari mahalla hududidagi ichki suv tarmoqlariga sig‘masdan, hududdagi 2 ta ichki ko‘chalarda joylashgan 47 ta xonadonning hovli va tomorqalariga, ayrim turar joylar ichkarisiga kirgan.
Shuningdek, kuchli yomg‘ir suvlari Azlarsoy soyidan toshib, soy quyisida joylashgan Azlarsoy mahallasi hududidagi 5 ta ichki ko‘chalarda joylashgan 56 ta xonadonning hovli va tomorqalariga, ayrim turar joylarga kirgan.
Zilzilaning O‘zbekistonga ta’siri
FVV Seysmoprognostik monitoring respublika markazi xabariga ko‘ra, 22-mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 08:47 da Tojikistonda zilzila sodir bo‘ldi.
Zilzila koordinatalari: 39,28 gradus shimoliy kenglik; 71,84 gradus sharqiy uzunlik.
Magnituda M=5,4. Chuqurlik 15 km. Zilzila episentri Toshkentdan 313 km janubi-sharqda.
O‘zbekiston hududida sezilish kuchi:
- Farg‘ona viloyatida 3 ball, 122 km;
- Andijon viloyatida 2-3 ball, 172 km;
- Namangan viloyatida 2-3 ball, 192 km;
- Sirdaryo viloyatida 2 ball, 294 km;
- Toshkent shahrida 2 ball, 313 km.



